Kambag‘allik qanday aniqlanadi?
Prezidentimiz 2020 yil 27 fevralda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida xalqimizning 4-5 foizi kambag‘al ekanligini ta’kidlab o‘tgandi.
Samarqand viloyatida Paxtachi tumani kambag‘allik muammosi bo‘yicha eng og‘ir hudud hisoblanadi. Bu yerda 12,2 ming kishi yoki jami tuman aholisining qariyb 7 foizi kambag‘al sanaladi. Shuningdek, Qo‘shrabot tumanida 9,8 ming, Payariq tumanida 17,2 ming, Narpay tumanida qariyb 17,3 ming aholi kambag‘al. Bu raqamlarni mahallalar kesimida olsak, yanada og‘ir raqamlarga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Paxtachi tumanining Chorgo‘sha mahallasida 400 nafar kambag‘al fuqaro og‘ir ahvolda yashamoqda.
Viloyatimizda kambag‘allik holatini o‘rganish aniq chora-tadbirlarni talab etadi. Bunda rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish muhim masala.
Kambag‘allik konsepsiyasi asosida kambag‘allar soni, holatini aniqlashda turli xil fikrlar, qarama-qarshi yondashuvlar bor. Rasmiy manbalarga tayanib, kambag‘allar sonini har xil foizlarda ekanligi taxmin qilinadi. Lekin aholini o‘zini-o‘zi baholashidan bilish mumkinki, faktlar aniq va shaffof emas. Ya’ni, ayrim aholi toifalari moddiy ta’minlanganlik jihatidan o‘zlarini kambag‘al hisoblasa, ayrimlari ayni shunday moddiy ta’minlanganlik jihatidan o‘zlarini kambag‘al demaydilar. Shuning uchun O‘zbekistondagi kambag‘allik holati ko‘p qirrali holat va uni tarqalish masshtabi turlicha qabul qilingan.
Qashshoqlikka qarshi samarali kurashish uchun odamlarning kundalik hayotida duch keladigan va ularning turmush darajasining pastligi yoki qashshoqlik sabablari bo‘lgan muammolarni yaxshi bilish kerak.
Odamlarning farovonlik bilan bog‘liq muammolarini mustaqil hal qilish uchun qanday manbalarga muhtojlik bor? Masalan, aholining ahvolini yaxshilashga yordam beradigan resurslarning asosiy turlari, ya’ni iqtisodiy manba - oila hayotiga alohida zarar yetkazmasdan sotilishi va naqd pulga aylantirilishi mumkin bo‘lgan mulk, daromadning salmog‘i, oilada kamida bir yil yashashi uchun yetarli mablag‘larning mavjudligi. Shuningdek, ta’lim va malaka ko‘rsatkichlari to‘plami sifatida hisoblangan malaka manbasi.
Shunday qilib, "daromadlar kambag‘alligi"ni emas, balki haqiqiy kambag‘allik bilan kurashish muammosi, bir tomondan, ularni sarflash xususiyatlari, boshqa tomondan mavjud resurslarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishdir. Va bu bir xillikdan uzoq bo‘lgan hamda ijtimoiy siyosatning tubdan farq qiladigan oqibatlarini keltirib chiqaradigan kambag‘allik sabablarini batafsil tushunish zarurligini anglatadi.
Hozirgi davrda kambag‘allik chegarasi bir kishi uchun kuniga 3,2 AQSh dollari miqdorida belgilangan. Agar bu miqdorni bir kishi uchun bir oyda 96 AQSh dollari tashkil etishini hisobga olsak, respublikamiz oilalari o‘rtacha soni 4,6 kishini tashkil etishi va bu chegara bir oila uchun 441,6 AQSh dollarini tashkil etishi kerak. Ayni paytda aholining pul daromadlari bilan birga natural daromadlari ham bor. Natural daromadlarni to‘liq statistik hisobga olish imkoniyati cheklangan. Agarda aholining umumiy daromadlari tarkibida natural daromadlari 15-25 foizni (asosan qishloqlarda) tashkil etishini hisobga olsak, o‘rtacha 4,6 kishilik oila uchun natural daromadlarni pulga chaqib, hisoblasak mos ravishda (4 223 000-633 450 (15 foiz) 3 million 598 ming 550 so‘m yoki (4 223 000-1 055 750) 3 million 167 ming 250 so‘mni tashkil etishi kerak. Demak, respublikamizda kambag‘allik darajasini aniqlashda jahon tajribasini hisobga olgan holda o‘zining milliy kambag‘allik chegarasini belgilab olish talab etiladi.
Samarqand viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi axborot xizmati.