Kambag‘allikdan farovonlik sari: Bu natijaga qanday erishiladi?

Aholini kambag‘allikdan chiqarish. Bu aytish oson, lekin amalda bajarish katta mas’uliyat, tajriba, aniq strategiyaga asoslangan qadamlarni talab etadi.

2024 yil 23 sentyabrda Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, dasturni amalga oshirishning aniq rejalari va 2024-2025 yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlari va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. 

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 2020 yildan kambag‘allik bilan kurashish mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Shu yilda  “Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi” standartlari va xalqaro tajriba o‘rganilib, bu borada O‘zbekiston metodi ishlab chiqildi hamda kambag‘allik darajasini aniqlashning minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash usuli joriy etildi.

2022 yilda mahallalarda “Hokim yordamchisi” instituti yo‘lga qo‘yildi, har bir kambag‘al oilaning individual dasturi ishlab chiqildi. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasi mahalliylashtirildi, ikki ehtiyoj – oziq-ovqat va kiyim-kechak, uch kafolat – sifatli o‘rta ta’lim, tibbiy xizmat va boshpana bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.

“20 ming tadbirkor - 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida kambag‘al aholini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga soliq, bojxona imtiyozlari berildi. Buning natijasida, 460 ming kambag‘al aholi kasbga o‘qitilib, bandligi ta’minlandi.

4 yilda kambag‘allik darajasi keskin qisqardi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 yil oldin 7,5 million yoki 23 foiz aholi daromadi kambag‘allik chegarasiga yetmagan. Ko‘rilgan choralar tufayli 2022 yil boshiga kelib kambag‘allik darajasi 17 foizga  2024 yilda kelib 11 foizga tushgan. 2030 yilga qadar esa bu ko‘rsatkichni keskin qisqartirish rejalashtirilgan.  

Endilikda kambag‘allikni aniqlash hamda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha iqtisodiyotning o‘zgarishiga qarab, yangi yondashuvlar joriy etiladi. Ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni aniqlash mezonining yangi tizimi joriy etiladi. Bunda, kambag‘allik faqatgina daromad yoki iste’mol bilan belgilanmaydi, balki ta’lim, tibbiy xizmat va fuqarolarning kundalik hayotiga ta’sir qiladigan boshqa  mezonlar qamrab olinadi. Yana 50 ming gektar yer 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib beriladi. Jami 6680 gektar yer maydonida “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi. Yana bir Xitoy tajribasi asosida, yerdan uch xil daromad oladigan tizim joriy qilinadi. Ijobiy tajribaga ega 100 ta eng samarali mikroloyihalar katalogi yaratiladi. Sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025 yilda 1000 ta, 2026 yilda 2000 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.

Bu borada viloyatimizda o‘tgan yili qariyb 98,5 ming kambag‘al oilaning 72 mingdan ortig‘i barqaror va daromadli ishga joylashtirildi. Yil davomida 8 mingdan ortiq fuqaro xorijiy til kurslarida o‘qitilib, mehnat migratsiyasiga yuborildi. 

2025 yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 87,6 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilgan. Buning natijasida kambag‘al oilalar soni 75,5 mingdan 56 mingtaga (7,9 foizdan - 5,8 foizga) pasaytiriladi va ishsizlik darajasi 5,2 foizdan 5 foizga tushiriladi.

Bundan tashqari, “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga ajratilgan yer maydonlarida 40 gektardan, jami 560 gektar yer maydonida loyihalarni amalga oshirish orqali mingdan ortiq aholining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Misol uchun, 55 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va 204 mingdan ortiq aholiga ega Bulung‘ur tumanida oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va doimiy daromadga ega bo‘lishning aniq rejalari ishlab chiqilgan.

- Bulung‘urda yil boshidagi holatga ko‘ra, 475 ta kambag‘al oila ro‘yxatga olingan va tumandagi rahbarlar 5 tadan oilaga mas’ul etib belgilangan, - deydi  tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Ibragimov. - Avval bu kabi amaliyotda kambag‘al oilalarga tikuv mashinasi, motokultivator, payvandlash uskunasi kabi jihozlar berib, ular ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, endilikda kambag‘al oilalar aniq manzili bilan daromadli ishga joylashtiriladi va olti oydan so‘ng barqaror daromadga ega bo‘lgach, ro‘yxatdan chiqariladi. Buning uchun kambag‘al oila a’zolari kasb-hunarga o‘qitiladi, ishga joylashtiriladi. Agar bu oilaning a’zolarida nogironlik bo‘lsa, davolanishi ta’minlanadi. Buning uchun ham tizim yaratilgan. Maktab yoshidagi nogiron farzandlar uyida o‘qitiladi, xastaligi borlar tibbiyot muassasalarida davolanadi. Oddiy qilib aytganda, avvalgiday tekinga biror uskuna berib, uni ishli qildik, degan gap-so‘zlar bo‘lmaydi.

Tumanimizdagi aholining har birida o‘rtacha 10 sotix tomorqa maydoni bor. Ayrim fuqarolar sug‘oriladigan va unumdor tomorqa yerlaridan foydalanmaydigan holatlar ham uchrab turadi. Ular bilan uchrashib, tomorqaga qanday ekin ekishi, chorva, parranda boqish, undan daromad olishni tushuntiryapmiz.

Kambag‘al oilalarga kitob tarqatdim

- 2024 yil sentyabr oyida Gulzor mahallasidagi o‘zimga biriktirilgan 5 ta kambag‘al oila bilan uchrashib, ularning sharoitini o‘rgandim, - deydi  Sherzod Ibragimov, - daromad olish imkoniyatlari, ishga joylashish istagidagilarni ishli qilish, o‘qish, kasb-hunar o‘rganishga xohishi borlarni o‘qitish choralarini ko‘rdim. Hunar o‘rganish istagidagilar tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan o‘qitildi. Uchrashganlarimning har biriga bir nechtadan badiiy kitob tarqatdim. Kitobni ko‘rib hayron bo‘lganlarga keyingi kelishimda kitoblarning mazmunini so‘rashimni aytdim. Bu kimlargadir erish tuyulishi mumkin, lekin keyingi borganimda “Yana kitob olib kelmadingizmi?”, deb so‘rashdi. Kitob pul bermaydi, lekin ma’naviyatni oshirib, yangi g‘oyalarga yo‘l ochadi. Haqiqatdan ham tomorqalarda o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rdim.

Tumanimizdagi 9 ta yirik korxonaga mutaxassis va ishchilar  yetishmaydi. Xorijdan qaytib kelganlarni “Yangi O‘zbekiston” massivida 3,5-4 million so‘mdan 7-8 million so‘mgacha maosh to‘lanadigan ishlarga joylashtirdik. Ular bepul tushlik, mahallasidan olib ketadigan transport bilan ta’minlangan. Olti oydan so‘ng ular doimiy daromadga ega bo‘lgach, kambag‘allar ro‘yxatidan chiqariladi, lekin nogironligi va doimiy parvarishga muhtoj fuqarolar "Inson" ijtimoiy xizmatlari markazlariga doimiy biriktiriladi.

Dasturda “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish, ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish, kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, yashash sharoitlarini yaxshilash, davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish va davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Rejalarimizni shu asosda tashkil qilganmiz.

Yana bir yo‘nalishda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizni qaytarish va shu yerda daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish belgilangan. O‘rganishlarimizga ko‘ra, hozir tuman bo‘yicha 7,5 ming nafar fuqaro xorijda mehnat qilmoqda. Qaytib ketish istagida bo‘lgan 700 dan ortiq fuqaro bilan uchrashib, yuqori daromadli ishlar taklif qilinyapti. Xorijga ishga ketishni istaganlar tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan o‘qitilib, ma’lum mutaxassislikka ega bo‘lgandan so‘ng qonuniy asosda ishga yuborilyapti.

O‘ktam Xudoyberdiyev.