Kameral nazorat orqali faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektlari aniqlanmoqda

Kameral nazoratni ko‘zguga o‘xshatsak, aslo xato bo‘lmaydi. Chunki ko‘zguda asl holat namoyon bo‘lgani kabi kameral nazoratda ham soliqlarni hisoblash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatoliklar yuzaga chiqadi.

Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan kameral nazorat asosida faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektlari aniqlanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida kameral nazorat natijasida davlat byudjetiga 120 milliard 687 million so‘m  qo‘shimcha soliqlar hisoblangan. Shundan 89 milliard 673 million 800 ming so‘mlik soliqlar undirilganini qayd etish lozim.

– Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “N” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yuzasidan kameral nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, 2017 yilda jamiyat tomonidan 4-chorak yakuni bilan taqdim etilgan yagona soliq to‘lovi hisobotida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan sof tushum 235 004 100 so‘m ko‘rsatilgan, – deydi Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Bo‘tayev. – Tashqi manba ma’lumotlariga asosan tahlil qilinganda, jamiyat bank hisobraqamiga 2017 yil may-sentyabr oylari davomida asosiy vositalarni sotishdan jami 2 850 000 000 so‘m kirim qilinganligi aniqlandi. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha hisoblangan 85 500 000 ming yagona soliq to‘lovi undirildi.

“O.S” MChJ faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar kameral nazorat asnosida yuzaga chiqdi. Chunonchi, korxona ta’sischisi N.A.ning 1 813 754 250 so‘mlik ulushi fuqaro V.G.ga o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada jismoniy shaxslarning daromad solig‘iga qo‘shimcha 217 650 510 so‘m hisoblandi va byudjetga undirildi.

“E.O” MChJ 2019 yil avgust oyi qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushumi 142 091 000 so‘mni tashkil etganini qayd qilgan. Biroq jamiyat kontragentlar (buyurtmachilar, sotib oluvchilar)ining mazkur davr uchun taqdim etgan QQS hisobotida ushbu korxonadan sotib olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) 1 023 779 000 so‘m miqdorida kirim qilingani ko‘rsatilgan va 204 755 000 so‘m QQS hisobga olinganligi kuzatilgan. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha 113 000 000 milion so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i undirildi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.