Kamsitilgan g‘urur isyoni
Bu nogahoniy kamsitish bolaning yuragiga tig‘dek sanchildi. To‘g‘ri, uning oyog‘i sal oqsoq, kasalligi haqida ham ko‘plar biladi, ammo hech kim buni hozirgidek yuziga solmagan.
Bola qalban ezildi-yu, miq etmadi, xomush tortib, uyi tomonga yo‘naldi.
Qorni ochiqqan bo‘lsa-da, tuz totgisi kelmasdi. Bolaga bu hazil gap isnoddek ta’sir etdi.
Bola ayasi javonga yashirib qo‘ygan kasalligi haqidagi tibbiy hujjatlarini oldi-da, shifokor qabuliga bordi.
Bola behad hayajonlangan, chin dildan jo‘shib gapirardi.
– To‘g‘risini ayting, duxtir, agar davolansam, mendagi kasallik to‘la tuzaladimi yoki yo‘qmi?!
– Senda tug‘ruq chog‘ida yuzaga kelgan bolalar serebral nuqsoni kasalligi bor. Uni bugungi kun tibbiyoti hech muammolarsiz davolayapti. Hammasi o‘zingga bog‘liq.
– Men nima qilishim kerak buning uchun?
– Irodangni qo‘lga olib, maxsus davolash fizkulturasiga alohida e’tibor berishing kerak. Ayang bilan qabulimga kelganingda bu haqda aytgandim, ammo sen bu ishga astoydil kirishmading, mana oqibati.
– Bu safar unday bo‘lmaydi, do‘xtir!
Bolaning yuzida alamzadalik alomatlari yaqqol bilinib turardi. Bu yaxshi. Ha, u kimdandir alamini olmoqchi bo‘lardi go‘yo.
Insonning g‘ururi qo‘zg‘atib yuborilsa, unga bas keluvchi to‘siq qolmaydi hisobi.
Oradan bir yil o‘tgach, u to‘la sog‘ayib ketib, dzyudo bo‘yicha respublika chempion bo‘ldi.
– Bu yutuqlarga qanday erishding-a, chirog‘im? – deya hazil aralash so‘radi shifokor.
– R-ruqiya… Ruqiya, do‘xtir.
– Ruqiya kim?
– Ruqiya qo‘shnimizning qizi…
– Sevasanmi uni? Shu qiz tufayli erishdingmi bu yutuqlarga? A?!
– Yo‘q, uning "Ha, cho‘loq", degan haqorati tufayli barchasiga erishdim! Mening xaloskorim, shifokorim ham o‘sha!
Murodim UMRZOQOV,
shifokor.