"Kapalaklar bilan sirlashib..."

  Bugun go‘zallik haqida gaplashamiz. Go‘zal bir vodiy, go‘zal bir bog‘, dunyoning eng nafis, eng ojiz, ammo eng go‘zal mavjudotlari – kapalaklar haqida.

  Kaplaklar bir kun yashamas ekan...

  Yevropada yagona bo‘lgan bu bog‘ – “Kapalaklar vodiysi” Turkiyaning Ko‘niya shahri yaqinida 2015 yilda barpo qilingan. Avvalambor, oynadan qilingan va minglab chiroqlar bilan bezatilgan binoning tuzilishiga e’tibor qiling: bino aynan kapalak shaklida va tunda ko‘rsangiz, kapalaklarda bo‘lgan barcha ranglarni ko‘rasiz va qush parvozi balandligidan qarasangiz, qanot yoygan go‘zal kapalakni ko‘rasiz. Bino 380 ming kv. metr joyni egallaganini tasavvur qilsangiz, bekorga bu joy “Kapalaklar vodiysi” deyilmasligini anglaysiz.

  Bu hali hammasi emas. Bundan tashqari vodiyda bir nechta suv havzalari, 550 kvadrat metrli kapalaklar muzeyi, kaplaklar “tug‘ruqxonasi”, o‘rgimchak, beshiktebratar, shilliqqurt kabi boshqa turli hashorotlar ko‘paytiriladigan laboratoriya, sport maydonchalari va ko‘ngilochar o‘yinlar zallari ham bor. Bu yerda kapalaklar hayotini o‘rganishingiz mumkin bo‘lgan videofilmlar ko‘rishingiz, albomlarni varaqlashingiz, bir finjon qahva ho‘plab, orom olishingiz ham mumkin.

  Aytgancha, bog‘ hududidan o‘rin olgan do‘konlardan kapalaklar shakli tushirilgan “magnitka”, soat, albom, surat soladigan “ramka”, kalit osiladigan “brelok” kabi xilma-xil esdalik buyumlardan istagancha xarid qilishingiz mumkin. Narxlari arzon.

  Bu yerda asosan tropik o‘lkalardan keltirilgan 60 xil kapalak saqlanadi, ko‘paytiriladi, parvarish qilinadi, go‘zallik oshnolariga ko‘rsatiladi. Kapalaklar uchun esa, ularga eng qulay sharoitlar muhayyyo qilingan: oynavand bino ichida 20 mingdan ortiq dov-daraxt, butalar, gullar, hatto tikonlar o‘stirilgan, havo harorati doimiy ravishda 28 daraja issiqlikda va 80 foiz namlikda ushlab turiladi.

  “Kapalaklar vodiysi”da bir vaqtda 12 ming atrofidagi kapalaklar uchib-qo‘nib yuradi. Ularning ichida qanotini yoyganida shapaloqcha kelishi bilan sizni hayratga soladigan ulkan kapalaklardan bir qarashda ko‘zingiz ilg‘amaydigan mitti kapalaklar ham bor. Qanotini yoyganda xuddi boyo‘g‘lining o‘zi bo‘lib qoladigan kapalaklar, qanotini ochsa moviy, yopsa qahvarang bo‘ladigan g‘aroyib kapalaklar ham bor.

  Bog‘da sayyohlar uchun qilingan va butun “vodiyni” aylanib chiqadigan so‘qmoq bo‘ylab borar ekansiz, kapalaklar sizdan cho‘chimayotganiga guvoh bo‘lasiz va bir necha marta bu go‘zal maxluqotlar kiyimingizga, boshingiz, hatto qo‘lingizga qo‘nadi va ko‘nglingizni charog‘on qiladi.

  Ana shuning uchun ham bu vodiyga nafaqat sayyohlar, hashorotlar bilan qiziquvchi olimlar, biolog talabalar, maktab o‘quvchilari, va albatta, noyob suratlar olishga ishqiboz bo‘lgan suratkashlar va rassomlar ham kelishadi. Bu yerda ilmiy anjumanlar ham o‘tkazilar ekan.

 

  Qiziq fakt: “Kapalaklar vodiysi”ni ko‘rish uchun yiliga YaRIM MILLION sayyoh kelar ekan! Ana sizga turizimni rivojlantirish!

  Ana shu joyida o‘ylanib qolaman: nega Turkiyaning birorta kapalagi saqlanmaydigan, hammasi tropik o‘lkalardan keltirilgan kapalaklar bog‘ini yaratgan turklar yiliga yarim million sayohni jalb qila oladi-yu, O‘zbekistonda shunday bog‘ barpo qilish hech kimning xayoliga kelmaydi?   “Kapalaklar bog‘i”ga kirish uchun sayyohlar yaxshigina haq to‘lashmoqda: o‘quvchilar 7,5 lira, katta yoshdagilar 17 lira to‘lab kiradilar. 17 lira bizning pulga 20 ming so‘m bo‘ladi. Ammo 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning kirishi bepul.

  Bog‘ hududida kapalaklarning ko‘payishi uchun ham sharoitlar yaratilgan. Har kuni bir qancha yangi kapalaklar g‘umbakni yorib chiqadi.

Ana shu joyida bizni hayajonga solgan voqea sodir bo‘ldi. Bog‘ xizmatchisi, biolog olima Pinar xonim yangi dunyoga kelgan kapalaklarni ilk bor parvoz qildirish uchun maxsus idishlarni bizning qo‘limizga tutdi va biz o‘z qo‘llarimiz bilan bir qancha kapalaklarni bog‘ uzra uchirib yubordik...

  Men Pinar xonimdan ko‘pchilik takrorlaydigan bir gapga oydinlik kiritib berishini so‘radim:

  – Kapalaklar bir kun yashashi to‘g‘rimi? Nahotki shunchalar go‘zal xilqatlar bir kungina qanot qoqib, kechqurun bu dunyo bilan xayrlashsalar?

– Bu juda ham xato fikr, – dedi Pinar xonim. – Kapalaklar bir haftadan bir yilga qadar umr ko‘radilar. Janubiy Amerikada yashovchi Prodoxus y-inversus kapalagi esa, hatto 30 yilga qadar umr ko‘rishi aniqlangan. Xullas, anovi gapga ishonmang!

  Mehmon degani sovg‘a olishni yoqtiradi. Bizga kapalaklar haqidagi kitob, “Kapalaklar vodiysi” haqidagi buklet, kapalaklar tasviri tushirilgan suratlar va esdalik buyumlari solingan bejirim xaltacha sovg‘a qilishdi.

  Unutmang, siz ham Ko‘niyaga, “Kapalaklar vodiysi”ga borsangiz, ana shunday sovg‘alar berishadi.

  “Kapalaklar vodiysi”ga esa, albatta, boring! Aslo achinmaysiz! U yerdan olib qaytadigan taassurotlaringiz ancha vaqt sizni tark etmaydi. Muhimi, qalbingiz go‘zallikdan bahra oladi va go‘zallikka oshno bo‘lib qoladi!

  Karimberdi To‘ramurod,

  Ko‘niyadan Zarnews.uz uchun maxsus.