Karantin bahorgi mevalarni ichki bozorlarga yetkazish va xorijga eksport qilishga xalaqit beradimi?

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev AOKA huzuridagi shtabda tashkil etilgan brifingda karantin vaqtida bahorgi mevalarni ichki bozorlarga yetkazish va xorijga eksport qilish xususida ma’lumot berdi.

— Yo‘q, O‘zbekiston qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy xaridor davlatlari — Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina va boshqa davlatlar bu mahsulotlar kirishiga chegaralarini yopgani yo‘q, - dedi Saidkamol Xo‘jayev.

Shuningdek, mahsulotlar importiga qo‘shimcha yengilliklar kiritilishi haqida ma’lum qilindi.

Koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksportchilar va tadbirkorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash shtabi va “Call centerlar” tashkil etilgan.

- Ishonch telefoni: 71 260 36 87, 71 260 48 73.

Shtab tomonidan, tadbirkorlarda yetishtirish, eksport qilish va ichki bozorlarga yetkazish faoliyatining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor yechimlar topish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.