Karantin kunlari 48 ta kitob o‘qidim

«Zarafshon» gazetasi ( 2020 yil 22 avgust, 92-soni)da chop etilgan «Behbudiy bizni kechirarmikan?» maqolasini o‘qib ko‘p fikrlar xayolimdan o‘tdi.

Maqolada inson hayotining, vaqtining qadri, qanday yashayotgani-yu o‘zini tahlil qilish bilan bog‘liq faktlar, misollar keltirilgan. Noshukurlik, alamzadalik, o‘z aybini boshqalarga to‘nkash orqali kimlarnidir muammo sababchisiga aylantirish illatlari haqida so‘z yuritiladi.

Maqolada shuningdek, pandemiya tufayli ancha vaqtimiz uyda o‘tgani, uni qanday sarf qilganimiz haqida ham fikr bildirilgan. Shularni o‘qirkanman, o‘z vaqtimni qanday o‘tkazganim haqida o‘yladim.

To‘g‘risi, kitob mutolaa qilishni yoqtirganim uchun ko‘proq kitob o‘qidim. Pandemiya sababli kuni bo‘yi uydaman. Bu - kitob o‘qish, undan zavqlanish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Xususan, Mixail Bulgakovning "Usta va Margarita", "It yurak",  Chingiz Aytmatovning  "Qiyomat",  "Asrga tatigulik kun", Tolstoyning  «Anna Karenina», A.Qoriyevning «Spitamen» asarlari, Iqbol Mirzo she’rlari, Said Ahmadning "Ufq» romani va boshqa ko‘plab kitoblarni 48 kitob o‘qidim. Institutda so‘nggi bosqichda tahsil olish barobarida maktabda rus tili va adabiyoti fanidan dars beraman. O‘quvchilarim bilan muloqot qilish davomida ularga falon asarni o‘qiyotganim, uning mazmuni haqida telegram guruhimizda yoza boshladim. Buni qarangki, biz qaysi kitobni o‘qiylik, deb so‘raydigan o‘quvchilar ko‘paydi.

Bir kuni o‘zim yoqtirgan gazetalarni o‘qib chiqqach, undagi maqolalardan biriga munosabat yozmoqchi bo‘lgandim, 8 yoshli jiyanim yonimga kelib nima bilan mashg‘ulligimni so‘rab qoldi. Maqola yozayapman, degandim, «unda men ertak yozay» dedi. Harakat qilib ko‘r, deganimdan keyin astoydil bu mashg‘ulotga kirishdi. Syujeti, gap tuzilishlari ancha o‘xshab qoldi. Ustozlariga jo‘natgan ekan, rahbaridan olqish eshitibdi. Aytmoqchimanki, inson istasa, harakat qilsa ko‘p narsaga erishishi mumkin. Ammo har bir erishilgan yutuq zamirida bilim, hayotga muhabbat, o‘z ishidan mamnunlik bo‘lsa u tatiydi. Kishini yanayam yuqori marralarga undaydi.

Munisa ShAMSIYeVA.