Karantin qoidalarini mensimagan bulung‘urlik fuqaro jazolandi

Hozirgi kunda o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish,  maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik, jamoat joyida tibbiy niqob taqib yurish yurtimizning har bir fuqarosining burchi. Bunda fuqarolar nafaqat o‘z sog‘lig‘ini asraydi, balki hozirgi vaqtda keng tarqalayotgan koronavirus infeksiyasini jilovlashga ham o‘z hissasini qo‘shadi.

Bulung‘urlik huquqbuzar A.J.ning 2020 yil 6 may kuni soat 13:00 larda karantin qoidalarini pisand qilmasdan, tuman Nurli yo‘l mahallasida  niqobsiz, mast holatda yurganligi aniqlandi. Uning ustiga fuqaro holatga aniqlik kiritishni istagan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan baqir-chaqir qilib qarshilik ko‘rsatgan.

Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi tomonidan huquqbuzar A.J. O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi, 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Sh.TO‘XTAYeV, Bulung‘ur tumani ma’muriy sudi raisi.