Karantin tugaydi, ammo ehtiyot choralari doimiy qolishi kerak
Davlatlar va dunyo hamjamiyatining ekologik falokatning oldini olish uchun sa’y-harakatlariga qaramay, olimlar atrof-muhit, suv, havo, tuproqning bulg‘anishi, sanoat, uy-ro‘zg‘or maishiy chiqindilari ko‘payib borayotgani inson salomatligiga katta tahdid solayotgani haqida bong urmoqdalar. Ekologik muhit buzilishi o‘pka, yurak-qon tomirlari, jigar, oshqozon-ichak va boshqa kasalliklar ko‘payishi, ularning mutatsiyalashgan yangi xillari paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Keyingi yillarda insoniyat salomatligiga xavf solgan parranda grippi, ebola, ayni paytda koronavirus kabi ilgari noma’lum bo‘lgan yuqumli kasalliklar shular jumlasidandir.
Shifokorlar koronavirus pandemiyasi yana takrorlanmasligi, ekologik vaziyat yaxshilanmasa, hushyorlik oshirilmasa, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish kuchaytirilmasa bunday xatarli kasalliklar paydo bo‘lmasligiga kafolat yo‘qligini ta’kidlamoqdalar.
Ayni paytda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, davolash, profilaktik chora-tadbirlar – hushyorlik, tozalik turmushimizda, kundalik ish bo‘lib qolishi kerakligini ko‘rsatmoqda.
Bu va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, avvalo, oilalarda boshlanishini taqozo etadi. Shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamaslik, hovli-joylarni toza saqlash shular jumlasidandir. Ko‘ramiz, ayniqsa, qishloq joylarda ayrim xonadonlarda tozalikning oddiy qoidalariga ham rioya qilinmaydi. Ko‘p hollarda xonadon sohiblari ustki kiyimlarini almashtirmasdan chorva mollariga qaraydi, sigir sog‘adi, ovqat pishiradi, dasturxon atrofiga o‘tirishadi. Ko‘cha-kuyga ham chiqib ketaverishadi. Hojatxonalarning ko‘pi usti ochiq, eshiksiz, antisanitariya holatida, dezinfeksiya qilinmaydi. Shaxsiy gigiyena vositalarining tozaligiga e’tibor berilmaydi. Hatto butun oila bitta sochiqdan foydalanishi hollari uchraydi. Hammom haqida orzu ham qilishmaydi.
Koronavirus pandemiyasi insoniyatning ko‘zini ochdi, hushyor torttirdi, Shaxsiy gigiyena, tozalik, tartib-intizom, o‘zi yashayotgan tabiatni asrab-avaylash, sog‘-salomat yashashning garovi ekanligini ko‘rsatdi.
Bu qiyinchilik o‘tib ketadi, karantin tugaydi. Ammo ehtiyot choralari doimiy bo‘lib qolishi maqsadga muvofiqdir. Jumladan, odamlar gavjum bo‘ladigan bozorlar, ta’lim muassasalari, shifoxonalar, korxonalar, vokzal, avtoshohbekatlar, kinoteatrlar va boshqa maskanlarga kirish joylarida sanitariya blok-postlari doimiy saqlanib qolishi, nazorat bo‘shashtirilmasligi, yuqumli kasalliklar xuruj qiladigan mavsumlarda jamoat transporti, odamlar gavjum maskanlarda niqob taqish odat tusiga kirishi zarur.
Yuqumli kasalliklarning oldini olishda odamlar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash ham muhim. Milliy taomilga ko‘ra, xalqimiz azaldan o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib tavoze bilan salomlashgan, quchoqlashib o‘pishish, qo‘ldan qo‘lga o‘tgan pulni barmoqni labida ho‘llab sanash yaramas odat, deydi shifokorlar.
Farovon hayot kechirish, yuqumli kasalliklarga chalinmaslik avvalo o‘zimizga, tozalik, shaxsiy gigiyena elementar qoidalarga rioya etishga bog‘liq ekanligi bir zum bo‘lsin yoddan ko‘tarilmasligi kerak.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.