Kartoshka puli fermerlarga qaytarildi
Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 fevraldagi “Respublikada urug‘lik kartoshka yetishtirishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida urug‘lik kartoshka yetkazib beruvchi va mahsulotni qabul qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari qo‘pol ravishda buzilishi holatlari aniqlandi.
2018 yilda Bulung‘ur tumanida 73 fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga urug‘lik va ozuqabop kartoshka yetishtirish rejalashtirilgan edi. Shu maqsadda urug‘lik kartoshka yetkazib berish bo‘yicha “Maroqand meva sabzavot” MChJ hamda Toshkent viloyatida joylashgan “Agrover” MChJ bilan shartnomalar imzolanadi. Unga ko‘ra, 215,6 tonna urug‘lik kartoshka xarid qilish uchun “Agrobank” ATB tomonidan 69 fermer xo‘jaligiga 1 mlrd. 399 mln. 500 ming so‘m, 28 tonna urug‘lik kartoshka xarid qilish uchun “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 4 fermer xo‘jaligiga 217 mln. 500 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, “Maroqand meva sabzavot” hisob raqamiga 1 mlrd. 422 mln. so‘m, “Agrover”ga esa 195 mln. so‘m mablag‘ o‘tkazilgan.
Ammo, mahsulot yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan shartnoma shartlari qo‘pol tarzda buzilib, fermer xo‘jaliklari uchun urug‘lik va ozuqabop kartoshka yetkazilmagan. Oqibatda fermer xo‘jaliklari g‘alladan bo‘shagan maydonga kartoshka ekolmadi.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida “Maroqand meva sabzavot” hamda “Agrover” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan Jomboy va Toyloq tumanlaridagi fermer xo‘jaliklariga ham g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ekish uchun urug‘lik kartoshka yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilmaganligi aniqlandi.
Mahsulot yetkazib berilmaganidan keyin ta’minotchilar urug‘lik kartoshka uchun to‘langan jami 3 mlrd. 125 mln. so‘m mablag‘ni fermer xo‘jaliklariga qaytarib berishi kerak edi. Ammo turli bahonalar ro‘kach qilinib, bu ish paysalga solingan.
Mazkur holat yuzasidan inspeksiyaning viloyat boshqarmasi aralashuvi bilan olib borilgan tergovga qadar teshiruv davomida ushbu pullar fermer xo‘jaliklari hisob raqamiga qaytarilishi ta’minlanib, fermerlarning huquqlari tiklandi.
A.XUDOYOROV, inspeksiya viloyat boshqarmasi bo‘lim bosh inspektori.