Kartoshka zararkunandadan qanday asraladi?

Nurali ShERALIYeV,

Past Darg‘om tumanidagi "Dilnura paxta dalasi"

fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi.

– Kartoshka kuyasi dunyoning 80 dan ortiq mamlakatida uchraydi. O‘zbekistonda esa dastlab 2009 yilda paydo bo‘lgan bo‘lsa, hozirda respublikamizning kartoshka ekiladigan barcha tumanlarida uchratish mumkin. Bu hasharot tropik iqlimga moslashganligi bois issiqda ham, iliq havoda ham birdek rivojlanishi mumkin.

Bu zararkunanda kartoshka poyasining past qismiga va kesaklar orasiga tuxum qo‘yib, bir mavsumda 5-6 martagacha avlod qoldiradi. Agar iliq joyda qishlasa, bahorgacha 4-5 martagacha tuxum qo‘yishi mumkin. Kartoshka kuyasi ko‘chatlarga ham, baravar o‘sayotgan o‘simliklarga ham birdek zarar yetkazadi. Kartoshka hosilini omborga joylashtirayotganda zararkunanda ham qo‘shilib ketsa, 25-80 foizgacha kartoshka tuganaklarini nobud qilishi mumkin.

Kartoshka kuyasiga qarshi kurashish uchun mahsulot saqlanadigan joylarni 20 foizli "Entalucho" preparatining 25 grammini 10 litr suvga aralashtirib, fimugatsiya qilish kerak. Saqlanadigan urug‘likning 3 tonnasi uchun "Entalucho" 20 foizli preparati va 1 litr "Entosplan" 20 foizli ko‘k preparatlar asosida 150-200 litr suvga ishchi eritma tayyorlab, ishlov berib, so‘ngra 2 soat davomida dimlab qo‘ygandan so‘ng omborga olib kirish lozim.

Oybek TOLLIBOYeV,

o‘simliklar karantini viloyat hududiy inspeksiyasi

Past Darg‘om tuman agronom inspektori.