Kasaba uyushma: Xodimlarning ijtimoiy himoya kafolati, ishchilar uchun madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari
Bu haqda Samarqand shahrida “Kasaba uyushmalari harakatida boshlang‘ich tashkilotlarning tutgan o‘rni va roli” mavzusida o‘tkazilgan seminarda aytildi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari ham taqdirlandi.
Tadbirda so‘z yuritgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov 11 noyabr - “Kasaba uyushmalari kuni”, deb e’lon qilingani, sana munosabati bilan korxona va tashkilotlar, tuman, shahar, viloyatlar miqyosida kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy hamda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari, kasaba uyushmasi faoliyatiga daxldor ko‘rik-tanlovlar, konferensiya, forum, seminar tashkil qilinishini ta’kidladi.
Tadbirda kelgusidagi berilayotgan imkoniyatlar xususida ham so‘z bordi. Xususan, Federatsiya Kengashi tomonidan boshlang‘ich tashkilotlarning mablag‘laridan maqsadli foydalanishga qaratilgan Nizom ishlab chiqilib, unga asosan boshlang‘ich tashkilotlardan moliyaviy imkoniyatlarini yanada kuchaytirish maqsadida 50 foiz o‘rniga 60-70 foiz a’zolik badallari qoldirilishi ko‘zda tutilgan, ushbu mablag‘larning 10 foiz miqdorida qo‘shimcha sanatoriy yo‘llanmalarni xarid qilish uchun sarflanishi belgilanib berilganligi tilga olindi. A’zolik badallarining qolgan 30-40 foizi yuqori tashkilotlarni saqlash uchun markazlashgan holda yig‘ilib, quyi tashkilotlarga tasdiqlangan xarajatlar smetasiga binoan, moliyalashtirilishi tushuntirildi.
Bu esa mehnatkashlarning ish haqidan a’zolik badallariga o‘tkazilgan mablag‘ining asosiy qismi o‘zlarida, ya’ni boshlang‘ich tashkilotida qoldirilishi va ularning moliyaviy hamda xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirilishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Tadbir davomida boshlang‘ich tashkilot ishlarini namunali yo‘lga qo‘yib, ish tajribalarini o‘zaro bir-birlari bilan almashish maqsadida tanlovda ishtirok etayotgan quyi kasaba uyushmasi tashkilotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
- Albatta bu kabi amalga oshirilayotgan ishlarimiz bizni qoniqtirmaydi, - deydi, S.Rafiqov. - Afsuski, joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish jarayonida, aksariyat tashkilotlarimizda ahvol achinarli darajada ekanligi, ayrim tuman kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlar o‘z ishlariga mas’uliyatsizlik bilan qarab kelayotgani ham ayni haqiqat. Bu kabi xolatlarni bartaraf etish va oldini olishda seminarlar va tanlovlar o‘tkazilishining o‘rni juda muhim. Qolaversa, bu orqali kasaba uyushmasi a’zolari soni kundan kun oshib borayotgani quvonarli albatta.
Tadbir davomida Ta’lim va fan xodimlari, Agrosanoat majmui xodimlari, Sog‘liqni saqlash xodimlari, Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari, O‘zbekiston Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari, Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi xodimlari boshlang‘ich tashkilotlarining 40 nafar kasaba uyushmasi raislari tanlovda 1,2,3-o‘rin egallagani uchun taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlavining birinchi bosqichi iyun oyida tanlov Nizomiga muvofiq tuman va shahar kengashlari tasarrufidagi 3 mingga yaqin a’zolar soni 100 nafargacha bo‘lgan va 100 dan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgandi.
Mazkur tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan boshlang‘ich tashkilot raislari noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan respublika tanlovida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Husan Eltoyev.