Kasaba uyushmalari faoliyatining huquqiy asosi bugun kun talablariga javob beradimi?
Samarqand viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasida “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Tadbirda respublika kengashlarining viloyatdagi mas’ul tashkilotchilari, tuman va shahar kengashlari raislari, hamkor tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Qayd qilinganidek, yigirma yetti yil davomida kasaba uyushmalari faoliyatini kafolatlab kelgan qonunni jamiyat rivoji, mehnat jabhalaridagi o‘zgarishlarga mos, davr talabiga javob beradigan tarzda o‘zgartirishga ehtiyoj sezilmoqda. Qolaversa, xalqaro mehnat sohasidagi munosabatlar rivoji, bu borada jahon andozasiga moslashish sari intilish ana shunday ko‘lamdor vazifani kun tartibiga olib chiqishi tabiiy.
- Qonun loyihasida belgilangan 47-moddada muddat masalasiga aniqlik kiritish lozim, - deydi ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Payariq tuman kengashi raisi Abdujabborxon Narzullayev. – Xususan, unda “Jamoatchilik monitoringining tashkilotchisi jamoatchilik manitoringining ob’yekti, uni o‘tkazish muddati va tartibi to‘g‘risida axborotni oldindan jamoatchilikka e’lon qiladi”, deyilgan. Ushbu abzatsning oxirgi qatorini “...to‘g‘risidagi axborotni monitoring o‘tkazilishidan kamida bir oy oldin jamoatchilikka e’lon qiladi", tarzida o‘zgartirish, ya’ni muddatning aniq belgilanishi maqsadga muvofiq.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan shuningdek, boshqa bir qator takliflar ham o‘rtaga tashlandi. Xususan, Qonunning 59-moddasida xodimlarni ijtimoiy sug‘urtalash, sog‘lomlashtirish, dam oldirish va boshqa bir qator imtiyozlar aks etgan. Ushbu moddaning ikkinchi xatboshiga “Ishlovchi xodimlarning farzandlarini sog‘lomlashtirish” jumlasi kiritilishi lozimligi ma’qullandi.
Tadbir davomida qonun loyihasi yuzasidan barcha takliflar umumlashtirilib, respublika kengashiga taqdim etishga kelishib olindi.
Ulug‘bek G‘aniyev,
Samarqand viloyati Kasaba
uyushmalari tashkilotlari birlashmasi
kengashi yuridik bo‘limi mudiri.