Kasallik sabab eksportdan qaytgan mahsulot ichki bozorga sotildi
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomondan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, bu yil archa unsimon qurtiga qarshi 25 gektardagi 21,8 mingdan ortiq ninabargli manzarali daraxtlarga kimyoviy usulda ishlov berilgan, 51 gektar maydondagi 27,4 ming tup archa kasalliklariga qarshi agrotexnik, 7 gektardagi 3,4 ming tupdan ortiq archa kasalligiga qarshi esa biologik usulda kurash choralari olib borilgan.
Biroq karantin sohasining vazifasi faqat o‘simliklar kasalliklariga qarshi kurashish emas. Joriy yil 18 yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari soha rahbarlariga eksportni amalga oshirishga ko‘maklashish vazifasini ham qo‘ygandi. Buning uchun barcha kerakli sharoit, imkoniyatlar yaratildi, xalqaro va xorijiy sertifikatlar olindi. Ammo hanuz "Eksport qilingan qishloq xo‘jalik mahsulotlari xorijiy davlat cherasidan qaytarildi" kabi xabarlar paydo bo‘lmoqda. Jurnalistlarning bu boradagi savollariga boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Mirfayoz Mallayev shunday javob berdi.
- Respublika agentligimizdagi markaziy fitosanitar laboratoriyamiz xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan va bu laboratoriyaning xulosasi barcha davlatlarga o‘tadi, - deydi M.Mallayev. – Qoidaga ko‘ra, eksport qilinayotgan mahsulot markaziy fitosanitar laboratoriyadan o‘tganligi to‘g‘risida PS-analiz bo‘lishi shart. Agar bunday xulosa bo‘lmasa, mahsulot xorijiy davlat chegarasidan kiritilmaydi. Yaqinda Rossiya davlatiga chiqarilgan 19 tonna 860 kilogramm pomidor mahsuloti uchun ham PS xulosasi, ham ichki va tashqi sertifikati xulosasi rasmiylashtirib berilgan. Yuk yetib borganda ular mahsulotda jigarrang bujmayish kasalligi borligini bildirib, mahsulotni ortga qaytardi. Biz kelgan yukni va yetishtirilgan maydondagi mahsulotni qaytadan tekshirganimizda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmadi va pomidor ichki bozorga sotildi.
O‘.XUDOYBERDIYeV.