Kasb-hunar maktablari o‘quvchilari stipendiya va uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalariga Xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta’lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi.

Shuningdek, tizimda mos ravishda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi.

* Kasb-hunar maktablarida - kadrlar tayyorlash umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta’lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

* Ta’lim olayotgan o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Bunda kasb-hunar maktablari o‘quvchilarni uch mahal ovqat bilan ta’minlash yoki mazkur ovqat pullarini ularga to‘lab berish huquqiga ega.

* Kollejlarda - kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3-darajasiga mos ta’lim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida ta’lim olish” prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.