Kasb-hunar maktablarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi
2023-2024 o‘quv yilida kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilish bo‘yicha korxona va tashkilotlarning buyurtmalariga asosan qabul rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yangi o‘quv yilida kunduzgi ta’lim shaklida 10140 nafar, dual ta’lim shaklida 510 nafar, jami 54 ta kasb bo‘yicha 10650 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Belgilangan qabul rejani sifatli va to‘liq bajarish maqsadida viloyatdagi 37 ta kasb-hunar maktablarida tegishli tashkilotlar hamkorligida ikki martadan “Ochiq eshiklar kuni” ko‘rgazmali tadbirlari tashkil etildi.
Unda 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari ta’lim muassasasidagi barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Bo‘lib o‘tgan “Ochiq eshiklar kuni”, “Kasblar festivali” ko‘rgazmali tadbirlarida viloyatda 10 mingdan ortiq 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Kasb-hunar maktablarida o‘qishni istovchilar 2023 yil 1 iyuldan 20 iyulga qadar o‘zlari tanlagan kasblar bo‘yicha vazirlikning kasb.edu.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, o‘qishini davom ettiradi.
Otajon NOROV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining
Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi.