Kasb-hunar ta’limi tizimiga “halollik vaksinasi” kerak(mi?)

“Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”.
Bugun viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasida o‘tkazilgan tadbir Prezidentimizning murojaatnomasida keltirilgan ushbu so‘zlar bilan boshlandi. Murojaatnoma mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifalar, shuningdek, 2020 yil 18 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan tadbirda viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi vakillari hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
- Kecha murojaatnomani tizimimizda faoliyat olib borayotgan har bir xodim katta qiziqish bilan kuzatdi, - deydi viloyat kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov. – Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash zimmamizga ulkan mas’uliyat yukladi. Prezidentimiz 2020 yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nomlashni taklif etar ekan, raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lishini alohida qayd etdi. Murojaatnomada davlatimiz rahbari “halollik vaksinasi” haqida so‘z yuritib, u nima ekanini ham ochib berdi. Biz kasb-hunar tizimidagi xodimlar ham bir tanu-bir jon bo‘lib, berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashga kirishishimiz zarur.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).