Kashalot oshqozonida 16 soat yotgan kit ovlovchi
Bu hayratomuz sarguzashtni 1891 yilda kit ovlovchi kemasida garpunchi (katta baliqlarni ovlashda uzun nayza otuvchi) bo‘lib ishlagan dengizchi Jeyms Bartli boshidan o‘tkazdi.
Jeyms Bartli uchun vagon va Boing samolyoti kattaligidagi kitlar bilan uchrashish odatiy hol edi. Har safar uning kemasi kit bilan uchrashganda, u qayiqqa sakrab ehtiyotkorlik bilan, kashalotga yaqin masofagacha suzib borgan va hayvonga nayza otgan.
Ana shunday oddiy ish kunlarining birida taxminan Folklend orollarida uning kemasi Jeyms uchun taqdirli bo‘lgan va uni dunyoga mashhur qilgan yirtqich kitga duch keldi. Ikkita qayiq suvga tushirildi, garpunchilarning biri kitni yaralagandan so‘ng, haqiqiy xunrezlik boshlandi. G‘azablangan kashalot qayiqlarning biriga dumi bilan qattiq zarba bergandan so‘ng noma’lum tomonga g‘oyib bo‘ldi, qayiq parchalandi. Ikkinchi qayiqdagi ekipaj qochishga muvaffaq bo‘ldi. 8 kishidan 6 nafari kemaga qaytdi, dengizchilar o‘lik deb hisoblagan ikki kishining biri Jeyms Bartli edi.

Bir necha soat o‘tgach, kashalotning tanasiga duch kelishdi, yetkazilgan jarohat uni o‘limga olib kelgan ekan. Kit qirg‘oqqa olib kelingach, dengizchilar uning terisini archishga kirishishdi. Chuqur yorishdan so‘ng, taxmin qilingan o‘lik dengizchilarning biri Jeymsning jasadi topildi. Dengizchilar uning tirikligini ko‘rib, hayratda qolishdi. Jeyms jiddiy jarohatlarsiz, biroq hushsiz edi. Hodisa sodir bo‘lgan vaqtdan jasad chiqarilishiga qadar taxminan 16 soat o‘tgan edi.
Shifokorlar Bartlini darhol hushiga qaytarishdi. Ammo u 3 hafta davomida gapira olmas va tashqi dunyo bilan aloqasi sust edi. Biroq bir oydan so‘ng u tiklana boshladi va tez orada o‘z ishiga qaytdi. Jeymsning tanasi deyarli jarohat olmagan, ammo terisining kiyim bilan qoplanmagan qismlari – yuzi, burni, bo‘yin va qo‘llari rangi o‘zgargan va g‘ayritabiiy rangpar bo‘lib qolgan edi. Bu kashalotning oshqozonidagi kislota bilan bog‘liq edi.
Dengizchi kuchli zarbadan keyin qayiqdan yiqilganini esladi, keyin o‘zini oyoqlari bilan uzoq vaqt oldinga sirg‘alib ketayotgan tor, qorong‘i quvurda ko‘rdi. Ko‘p o‘tmay u badbo‘y issiq havoni his qildi. Qorong‘i makonning devorlari qalin shilimshiq qatlam bilan qoplangan edi. Nima bo‘lganini tushungach, u vahimaga tushdi va yana hushini yo‘qotdi...
Jeyms shaharga mashhur bo‘lib qaytdi, barcha gazetalar u haqda yozishdi. Milliondan bittada bo‘ladigan imkoniyat: u kashalot oshqozonida 16 soat o‘tkazib tirik qolgan edi.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.