Kashtalarda Navro‘z bayrami an’analariga mos urf-odatlar tasvirlandi
Xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida "Milliy kashtachilik" II milliy kashtachilik respublika ko‘rgazma-savdosi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmaning ikkinchi kuni Samarqand viloyatining Navro‘z bayrami tadbirlariga ulanib ketdi.
Bugungi ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha hududi hamda Turkmanistonda kashtachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 60 nafardan ziyod hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Ularning har biri tikib keltirgan kashtalarda Navro‘z bayrami an’analariga mos urf-odatlar tasvirlarini ko‘rish mumkin.
- Samarqandda ko‘p yillardan buyon shu kabi ko‘rgazmalar tashkil etiladi, - deydi Turkmaniston Respublikasi Ashxobod shahrida faoliyat yuritadigan hunarmand Liliya Hayitova. - Esimda, ilk bor 1998 yilda hunarmandchilik bilan bog‘liq xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Samarqandga kelgandim. Kecha ko‘rgazmaga o‘zimizning yigirma xildan ziyod milliy kashtachilik mahsulotlarimizni olib keldik. Turkman kashtalariga Samarqandda qiziquvchilar ko‘p ekan. Namoyish etdik, sotdik va uning tikilish jarayonlarini ko‘rsatdik.
Ko‘rgazmada Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona kashtachiligi bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar va ularning mahsulotlariga ham qiziquvchilar va xaridorlar ko‘p bo‘ldi.
- Biz ko‘rgazmaga Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan keldik, - deydi kashtado‘z Oliya Nurullayeva. - 25 yildan buyon kashtachilik bilan shug‘ullanib kelaman. Mana, qo‘limda tumanimizning qadimiy qalampir nusxalari tasviri tushirilgan alaf kashtalari. Ulardan qadimdan uy peshtoqlarini bezash uchun foydalanishgan. Bo‘lajak kelinlar o‘z qo‘llari bilan bunday kashtalarni tikib, nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatishgan. Hozirgi kunda esa bu kashtalarimizga xorijlik mehmonlar ham xaridor. Mana buni qarang, tikilganiga 70 yil bo‘lgan qadimgi paranjini shogirdlarim yangicha uslubda tikishdi. Tumanimizda bu kabi qadimiy kayvoni momolarimizdan qolgan hunarmandchilik buyumlari bisyor. Muhimi, biz ularni topib, mehr bilan qayta ishlayapmiz va tikyapmiz.