Kattalar ko‘rmagan narsalarni men qanday ko‘raman?
- Havoning yoqqani yaxshi bo‘lmadi-da.
- Nega yaxshi bo‘lmaydi? Lalmi yerning joni chiqay deb yotuvdi. Borib qara, yangi uzilgan bodringday dirkillab turibdi. Nasib qilsa fermerlar planini bajarib qo‘yishadi.
- Sen shunday deysan, lekin anov shahardagi odamlarni ko‘r. Suvning ustiga gilam to‘shab uxlashdi...
- Suv balosi-da bu, nima ham qilolardik. O‘tgan ishga salovat, der edimi? Kel endi, yaxshi gaplardan gaplashaylik.
- Ha... aytdim-qo‘ydimda. Quyosh charaqlab chiqib qoldi. Bir-ikki kun gilamlarini oftobga yoysa qurib qoladi, deyin-a?! Bahonada ko‘rpa-ko‘rpachalarini ham tin-tindan chiqarib yangilab olishadi-da.
- Shunga aytamanda yaxshi gaplardan gaplashaylik deb. Har ishda hikmat bor, oshna. Tin-tinchilarning ham ishi yurishib qoladi. Ozod tin-tin ham mardikorchilikka chiqmaydi. Bu ham yaxshi-da.
- Bitta Ozod tin-tinging chiqmagani bilan mardikor kamayib qolarmidi?! Ana, “ovoshnoy”ga borib ko‘r. Odamlar ko‘chaga chiqib ketgan. Mashina o‘targa yo‘l yo‘q. Uddaburon haydovchilargina mashinasini yonbosh qilib, ikkita balonini ko‘tarib, haydab o‘tayapti.
- Lofni ham olasan-da. U yerdagilar mardikorlikka chiqmagan-e! Ikkita oshxona bor yo‘l ustida, o‘sha yerda pirajkaga navbatda turishadi. Haloli bo‘lsin pirajkachilarning. Rosa shirin qiladi. Tadbirkor-da!
- Sen ham navbatda turganmisan deymanda, a?
- Yo‘g‘-ye, oshna, eshitganimni aytayapman-da. Yaqinda nurobodlik bir akaxon bilan gaplashib qoldim. Shu kishi aytib berdi. O‘n besh yildan beri kelarkan pirajka yegani. “Biroz noqulayligini aytmaganda yaxshi joy. Shu... yoshlar biroz besabrroq-da, navbatni tushunmay katta yo‘lgacha chiqib ketishadi”, - dedi.
- Shuni aytaman-da. Bitta-yarimtani mashina urib ketsa nima bo‘ladi?
- Yaxshi niyat qilaylik, oshna. Yaxshi gaplardan gaplashaylik.
- Ha endi... aytdim-qo‘ydimda. Gap yo‘g‘ida gapda bu ham. Bitta odam bilan pirajkaxo‘r kamayarmidi?
- Mazax qilma, men eshitganimni aytdim.
- Men ham eshitganimni aytayapman-da.
- Gaplaringdan o‘zing guvohi bo‘lgandek-ku. Xuddi ko‘rgandek gapirayapsan.
- E-e, qiziqmisan? Kattalar ko‘rmagan narsalarni men qanday ko‘raman. “Zreniyam” past juda. Aytsam ishonmaysan. Kecha shaharda “yama”larni terib mashinamni haydab ketayotgandim, yomg‘ir-u seldan so‘ng yap-yangi paydo bo‘lganlarini ko‘rmay qolibman-da. Bir joyga qars etib tushdim-u, taqqa to‘xtadim. “Razval” ke-yetdi, deb tushib qarasam... balon ham yo‘q-da. Shu alam qilib turgani yetmagandek, bittasi o‘tayotib iddao qilib ketdi: “Daraxtning kattakon shoxi-yu, unga bog‘lab qo‘yilgan lattani ko‘rmagan bu ko‘z ko‘zmi yoki po‘stakning teshigimi?!” deb. .. “Zreniyam” past deganimga sen ishonmagan ular ishonarmidi?
- Rostdan o‘sha lattani ko‘rmadingmi?
- Yo‘qda!
- Qizil latta bog‘lashmagan ekan-da. Buni aytib, ogohlantirish kerak. Ko‘zga yaxshiroq tashlanardi. O‘tgan ishga salovat endi. Kel, shunaqa gaplarni qo‘y, oshna. Yaxshi gaplardan gaplashaylik. Yomonam dilim vayron bo‘lib ketyapti eshitib.
- Diling vayron bo‘lsa doktorga bor. “Kim kelarkin” deb pashsha qo‘rib o‘tirishibdi.
- Shunday qilishim kerak o‘zi. Sen bilan gaplashdim deguncha shu ko‘yga tushaman. Yaxshisi boraqolay.
- Mayli, oshna, yaxshi bor. Ko‘chalarda ehtiyot bo‘l, yangi chuqurlar paydo bo‘lgan. Keyin yaxshi gaplardan gaplashishni istasang, doktorga borguncha MRT-pemertalarga ham tushib qo‘yma. O‘zlari yaxshi joylarni aytishadi.
Asliddin.