Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasidan ibratli tashabbus

Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tahlillariga ko‘ra, bugungi kunda shaharda o‘zlashtirishi past, profilaktik hisobda turuvchi va maktab ichki nazoratiga olingan 818 nafar o‘quvchining qiziqishiga mos, ularni rag‘batlantiradigan to‘garak va tanlovlar mavjud emasligi aniqlandi. Iqtidorli va bilimdon tengdoshlari bilan bellashish imkoniyati yo‘qligi ularda turli musobaqalarda qatnashish ishtiyoqini uyg‘otmagan.

Shu sababli Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi bu toifadagi o‘quvchilar o‘rtasida maktab va shahar bosqichidan iborat bo‘lgan “Men eng yaxshi, eng jaoatchi, eng faol o‘quvchi bo‘la olaman” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tashabbusini bildirdi. Shahar hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi esa buni qo‘llab-quvvatladi va amaliy yordam berdi.

Bu ayni vaqtda Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosini ta’minlashning bir ko‘rinishi ham bo‘ldi.

Tanlovning maktablarda o‘tkazilgan dastlabki bosqichida 818 nafar o‘quvchi qamrab olindi. Ular kitobxonlik, bilim, sport va boshqa yo‘nalishlarda o‘z imkoniyatlarini namoyon etdi. Bu o‘g‘il-qizlar orasidan 54 nafar g‘olib o‘quvchi tanlovning keyingi, shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shahar bosqichida o‘quvchilar o‘zlarini “Men o‘qigan kitob”, “Men sevgan asar”, “O‘z iste’dodingni namoyish et” yo‘nalishda sinab ko‘rdi. Boshqa tengdoshlaridan kam bo‘lmagan tarzda tanlovda faol qatnashdi. Shu bois g‘oliblarni ayniqlash oson bo‘lmadi.

– Biz bu tashabbusni boshlaganimizda tanlov bunchalik keng ko‘lam kasb etishini tasavvur qilmagandik, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar prokurori Sh.Jumayev. – Maktablar o‘qituvchilari va o‘quvchilarning ota-onalari, yaqinlari tanlovni juda ko‘tarinki kayfiyatda qabul qildi. Bolalarni qo‘llab-quvvatlashdi, o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun ruhlantirishdi. Muhimi, tanlov sabab bo‘lib ko‘plab o‘quvchilarning yurish-turishi, axloqi, o‘qishga munosabati o‘zgardi. Bizning ham asosiy maqsadimiz shu edi aslida.

Kattaqo‘rg‘on drama teatrida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida o‘quvchilar va ularning ota-onalari, o‘qituvchilar, shahar jamoatchiligi vakillari taklif etildi. G‘olib o‘quvchilarni taqdirlash, tabriklash uchun Kattaqo‘rg‘onga taniqli shoir va yozuvchilar, xalqimiz e’zozidagi teatr va kino aktyorlari keldi.

– Avvalo,  tadbir muqaddas dargoh – teatr binosida o‘tkazilayotgani katta ahamiyatga ega,  – deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. – Yana bir muhim jihati, bu o‘quvchilarni prokuratura, hokimlik va boshqa yana bir qator tashkilotlar, butun shahar jamoatchiligi qo‘llab-quvvatlayapti, olqishlayapti. Bunday tadbirlar respublika miqyosida keng ommalashtirilishi kerak, deb o‘ylayman.

Tanlovda faol ishtirok etib, birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilarga uchta kompyuter jamlanmasi topshirildi. Uchta ikkinchi o‘rin egalari televizor, uchinchi o‘ringa munosib deb topilgan o‘quvchilar esa planshet bilan taqdirlandi.

– Shu paytga qadar vaqt qadri nima ekanligini to‘liq anglab yetmagandim,  – deydi tanlov g‘olibi Sevara Tursunova. – Bu tanlov esa mening qarashlarimni o‘zgartirdi. Inson hayotda o‘z o‘rnini topish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligini o‘rgatdi. Endi bundan buyon oldimga qo‘ygan maqsad sari qat’iy harakat qilaman. Ko‘proq o‘qiyman, ko‘proq izlanaman, yana ham faol bo‘lishga intilaman.

To‘lqin SIDDIQOV.