Kattaqo‘rg‘on shahrida noqonuniy kompyuter o‘yinlari tashkil etgan “tadbirkor” aniqlandi
Mamlakatimizda koronavirus tarqalishi tufayli e’lon qilingan karantin davrida ko‘ngilochar ob’yektlar, xususan, kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar to‘xtatilgandi. Biroq ushbu qoidaga amal qilmaydigan, buning ustiga qonuniy faoliyat yuritishga panja orasidan qaraydiganlar ham yo‘q emasligi afsuslanarli.
Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida amaldagi tartib-qoidalarga bepisand qarab, hujjatsiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlar fosh bo‘ldi. Jumladan, shaharning Turkiston ko‘chasida istiqomat qiluvchi V.X. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, kompyuter o‘yinlarini tashkil etib kelayotgani aniqlandi. Natijada undan qiymati 23 million 360 ming so‘mlik 15 turdagi 33 dona kompyuter daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.
Kattaqo‘rg‘on shahri Buxoro ko‘chasida yashovchi N.R. ham hujjatsiz kompyuter o‘yinlarini tashkil etish va yaxna ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanayotgani nazorat tadbirida ma’lum bo‘ldi. Fuqarodan qiymati 32 million 100 ming so‘mlik 7 turdagi 57 dona kompyuter va 435 ming so‘mlik 5 turdagi yaxna ichimliklar vaqtincha olib qo‘yildi.
Nazorat tadbirida huquqbuzarlar bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida davlat ro‘yxatidan o‘tib, rasmiy faoliyat yuritish yo‘l-yo‘riqlari batafsil tushuntirildi.
Dilshod G‘ANIYeV,
viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi.