Kattaqo‘rg‘on shahridagi ko‘p qavatli uylar qishga tayyormi?

Kattaqo‘rg‘on shahriga keyingi paytda katta e’tibor qaratilayotganini u yerda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari misolida ham ko‘rish mumkin. Shahar yangicha qiyofaga kirib obodonlashtirilmoqda.  

Ko‘p qavatli uylar soni bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahri viloyatimizda Samarqand shahridan keyingi o‘rinda turadi. Bu ko‘hna kentda hozirda bunday uylar soni 243 taga yetgan. Ularga 18 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

– Shahrimizdagi ta’mirtalab 110 ta ko‘p qavatli uy 2016-2019 yillarda Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasining 15,1 milliard so‘m mablag‘i evaziga ta’mirlandi, – deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Tohirjon Ishbekov. – Jumladan, uylarning tom, tarnov, fasad qismi, kirish yo‘laklari, elektr qutilari ta’mirlanib, kirish yo‘laklarida zamonaviy eshiklar o‘rnatildi. 14 ta bolalar va 4 ta sport maydonchasi qurib, foydalanishga topshirildi.

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentyabrda qabul qilingan “2020-2022 yillarda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ta’mirga muhtoj 36 ta ko‘p qavatli uy to‘liq ta’mirlanadi. Ayni paytda shahar ichkarisidagi ichimlik va oqova suv tarmog‘i yangilanmoqda. Ingichka shaharchasida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 2 ta suv nasosi o‘rnatildi. Asosiy va ichki yo‘llarda joriy va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Amir Temur mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarga “Gulchehra Teshayeva” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi. Deyarli barcha uylarning fasad qismi ta’mirtalab. Achinarlisi, 2-uyning yerto‘la qismida o‘rnatilgan elektr qutilari yaroqsiz holga kelib qolgan, quvurlar eskirgan, aholi xonadonlaridan yerto‘laga suv oqyapti.  

- Shirkatimiz tomonidan 7 ta ko‘p qavatli uyning 312 xonadoniga xizmat ko‘rsatiladi, - deydi shirkat raisi Sharofat Zokirova. – 2018 yilda 300 million so‘m kredit evaziga 3 ta uyning tom qismi mukammal ta’mirlandi, ammo fasad qismiga mablag‘ yetmadi. Pandemiya sharoitida aholidan pul yig‘ish muammo bo‘ldi. Endilikda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan uylarimiz to‘liq ta’mirlanadigan bo‘ldi.

Do‘stlik mahallasidagi ikki qavatli 20 ta uyning ayrimlari 2018 yilda ta’mirlangan bo‘lishiga qaramay devorlari nuragan. 

– Shahrimizdagi 243 ta ko‘p qavatli uyning hozircha 20 tasi isitiladi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Akram Umarov. – Shundan 11 ta eski ko‘p qavatli uyga tajriba sifatida ikki konturli qozonlar o‘rnatdik. Qish mavsumida uylarni isitishda asosan elektr uskunalaridan foydalanilishi tufayli shahardagi 17 ta transformator mukammal ta’mirlanib, 9 ta yangi transformator o‘rnatildi. 35 kilometr masofadagi havo tarmog‘i ta’mirlandi, 210 dona eski simyog‘ochlar beton tayanch ustunlarga almashtirildi. 

Kattaqo‘rg‘on shahri yangi qiyofaga kirayotgani yaxshi, ammo ko‘p qavatli uylarga issiq suv va issiqlik qachon berilishi masalasi baribir ochiq qolmoqda.            

Husan Eltoyev,

Fazliddin Ro‘ziboyev,

“Zarafshon” muxbirlari.