Kattaqo‘rg‘onlik ijodkorlar vodiylik terimchilar huzurida

Sarlavhani o‘qib, kattaqo‘rg‘onlik ijodkorlar vodiyga boribdi-da, deb o‘ylagandirsiz. Yo‘q, bugun - paxta yig‘im-terim mavsumi avj pallaga kirgan paytda vodiylik hasharchilar kattaqo‘rg‘onlik paxtakorlarga ko‘maklashish maqsadida bu yerga kelishdi. Ijodkorlar esa ularning kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildi.

Rost, bugun Kattaqo‘rg‘on tumaniga borsangiz, paxta yig‘im-terimiga o‘z hissasini qo‘shish, halol mehnat qilib, oilaviy sarf-xarajatlarini qoplash maqsadida nafaqat mahalliy aholi, balki vodiy viloyatlaridan hasharga kelgan terimchilarni ko‘rasiz. «Ro‘zg‘orimni but qilay, farzandlar rizq-ro‘zini xayrli yo‘l bilan topay», degan yurtdoshlarimiz tashabbusi tahsinga loyiq.

Tumandagi «Grand Trans» muqobil MTP hududidagi fermer xo‘jaliklari paxta dalalarida Namangan va Andijon viloyatlaridan kelgan hasharchilar yeng shimarib mehnat qilmoqda. Ular uchun yotoq joyi, ovqatlanishi va boshqa zarur sharoitlar mas’ullar tomonidan yaratib berilgan.

- Fermer xo‘jaligimiz yer maydonining 46 gektarida paxta yetishtirdik, - deydi “Ramziddin Ismatov zamini” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Mehriddin Nodirov. - Hosilni o‘z vaqtida, yog‘in-sochinli kunlarga qolmasdan yig‘ishtirib olishda vodiylik hasharchilar kuchimizga kuch qo‘shmoqda. Ular orasida ilg‘or terimchilar ko‘p. Hasharchilar uchun zarur barcha sharoitni yaratib, paxta pullarini ham o‘z vaqtida olishlarini ta’minlayapmiz.

Bugun hasharchilarga kutilmagan yangilik aytildi: "Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi va “Kattaqo‘rg‘on haqiqati” gazetasi tashabbusi bilan vodiylik hasharchilar uchun tadbir o‘tkazilib, ilg‘orlar taqdirlanarkan".

Bu gapni eshitgan hasharchilarning g‘ayrati jo‘shib, charchog‘i unut bo‘ldi va “Farovon kuz” fermer xo‘jaligi dala shiyponida jam bo‘lishdi. Ularni tuman hokimligi vakillari, bir guruh ijodkorlar qarshi oldi. Dastlab Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri aktyori, so‘z ustasi Asliddin Kamolov Kattaqo‘rg‘oncha hazillar bilan siyladi. Ijodkorlar Hasan Almatov, Aziza Boymurodova, Temurbek Toirov tomonidan o‘qilgan Vatan, mehr-muhabbat, ota-onani madh etuvchi she’rlar ko‘ngillarga orom bag‘ishladi. Kuy-qo‘shiq yangradi.
Shundan so‘ng tadbir tashkilotchilari paxta xirmoniga munosib hissa qo‘shayotgan ilg‘or hasharchilarga esdalik sovg‘alar topshirdi.

- Bunday e’tibordan behad mamnun bo‘ldik, - deydi Dilafro‘z Isroilova. - Konsert dasturi charchoqlarimizni chiqarib, kuchimizga kuch qo‘shdi. Paxta terimiga akam, ukam va singillarim bilan birga kelganmiz. Barchamiz g‘ayrat qilib, bir haftada 1 million so‘mdan ortiq daromad qildik. Bugungi ko‘tarinki kayfiyatdan so‘ng ishimizda yanada unum bo‘ladi.

Abduhoshim ZIYoDOV.