Kattaqo‘rg‘on va Urgutda elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Yakkabog‘” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uyda fuqaro M.Sh. umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan ulab olganligi aniqlangan.

M.Sh. bu noqonuniy harakati bilan 81,1 ming kVt/s elektr energiyasini sarflaganligi hamda ushbu xonadon xo‘jalik binosida fuqaro A.A. 52,1 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 144,3 mln. so‘m zarar yetkazgan.

Departamentning Urgut tumani bo‘limi tomonidan tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “Q.A.” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi G‘.R. xo‘jalikning 2 dona suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 267 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 120,1 mln. so‘m zarar yetkazgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.