Kattaqo‘rg‘onda 7 nafar shaxs muddatidan oldin ozod etildi

9 avgust kuni “Go‘zalkent” mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor sud jarayonida jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tomonidan probatsiya xizmati hisobida turgan 7 nafar nazorat ostidagi shaxs muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. 

Biroq, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmasdan, tayinlangan jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab yurgan shaxslar ham yo‘q emas. Ana shunday nazoratdagi shaxslar orasidan bir nafarini o‘talmay qolgan jazo muddati jazoning og‘irroq turiga, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, shu kuni yana Kattaqo‘rg‘on shahar probatsiya guruhi va aholi bandligiga ko‘maklashish markazi hamkorligida o‘tkazilgan “Ishga marhamat” tadbiriga jalb qilingan 20 nafardan ziyod nazoratdagi shaxslar va yoshlarning 2 nafari ish bilan ta’minlandi.

Ta’kidlash joiz, Kattaqo‘rg‘on shahar IIB probatsiya xizmatida 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida ijtimoiy moslashtirish orqali belgilangan jazoni o‘tashga halol munosabatda bo‘lgan 43 nafar nazoratdagi shaxslarning o‘talmay qolgan jazolari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.