Kattaqo‘rg‘onda uyida giyohvandlik moddalari saqlab kelayotgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fuqaro murojaatiga asosan 26 aprel kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Oq oltin mahallasida yashovchi P.B. shahar IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida uning yoni ko‘zdan kechirilganda, cho‘ntagida 2 dona oq rangli qog‘oz bo‘laklariga solingan marixuana giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Bundan tashqari, tergov-tezkor guruxi tomonidan ushbu shaxsning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, yotoqxonasi va yerto‘lasidan jami 11 dona paketga va 13 dona qog‘oz bo‘laklariga solingan quritilgan holdagi marixuana giyohvandlik vositasi va o‘simligi urug‘lari, “Belomarkanal” nomli sigaretalar, tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan "mushtuk" aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Samarqand viloyati IIB ekspert-kriminalistika bo‘limining ma’lumotnomasida, hujjatlashtirib olingan giyohvandlik moddalarining sof og‘irligi 50,5 grammga tengligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

P.B. jinoyat ishiga gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, himoya huquqi bilan ta’minlanib, Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.