Kattaqo‘rg‘onlik 12 yashar qiz IELTS sinovlaridan 7 ball oldi

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 40-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Diyora To‘ychiyeva 12 yoshda. U IELTS sinovlaridan 7 ball to‘pladi. Ayniqsa, uning eshitish ko‘nikmasidan 9 ball olganidan ustozi Madina Jalilova o‘zgacha g‘ururga to‘ldi.

- O‘quvchilarimga ingliz tilidan ta’lim berish jarayonida 1-o‘rinda ularga General Englishni o‘rgatib, lug‘at boyligini oshirishga harakat qilaman, - deydi Madina Jalilova. - Diyora bilan ham dastlab ingliz tilida chiroyli gapirishni, Basis Listening materiallaridan foydalanishni birga mashq qila boshlaganmiz. Tirishqoq qizaloq LASER A1, A2, B1, MINDSET Foundation kitoblarini qunt bilan o‘rgandi. Diyoraga so‘zlarni shunchaki yodlab olishning foydasi yo‘qligini, nutqda so‘zlarni faol ishlatish kerakligini tushuntirganman. Quvonarlisi, bergan topshiriqlarimni a’lo darajada bajarib, puxta bilim olgani bois yuqori natijaga erishdi. Muvaffaqiyat o‘z-o‘zidan kelmaydi, uning zamirida yillab qilingan mashaqqatli mehnat, matonat, sabr va albatta o‘quvchiga bo‘lgan cheksiz muhabbat yotadi.

Ingliz tilini 8 yoshidan o‘rganishni boshlagan qizaloq 3 yil ichida ingliz tili grammatikasini yaxshi o‘zlashtirdi. Ustozi Madina Jalilova shogirdidagi ingliz tiliga bo‘lgan qobiliyatini ko‘rib, Diyora bilan har kuni 7 yoki 8 soat, ba’zan 12 soatgacha ishlay boshladi.

- IELTS imtihonlarini topshirgunimga qadar juda ko‘p LISTENING bilan shug‘ullanganman, - deydi Diyora. - Eshitish ko‘nikmasi o‘qish ko‘nikmasidan biroz farq qiladi. Biz har bir aytilgan yangi gapni yozib chiqardik. Yana mening til mahoratimni oshirgan omillardan biri bu ingliz tilidagi filmlar bo‘ldi. Filmlarda aktyorlar juda tez gapirar va men ularni tushunish uchun diqqat bilan eshitardim.

Diyora kelajakda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni orzu qiladi. U hozirdan o‘zidan kichik yoshdagi o‘quvchilarga til o‘rgatadi. Ularga dars berish jarayonida o‘qituvchi o‘zini qanday tutishi kerakligini, o‘quvchilar bilan xushmuomalada gaplashishni mashq qiladi.