Kattaqo‘rg‘onning Andoqsoyida Sherali Jo‘rayevning "dacha"si bor
Yozning issiq kunlari boshlanishi bilan soya-salqin joylarda dam olish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Buning uchun viloyatimizning tog‘ oldi hududlarida mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun imkoniyatlar yaratilyapti. Tabiati go‘zal hududlarda turizm qishloqlari tashkil etilmoqda.
Daraog‘zi “Turizm qishlog‘i”ga aylantirildi
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi tog‘lar etagida joylashgan Andoqsoy mahallasi Daraog‘zi guzari “Turizm qishlog‘i”ga aylantirildi. Qishloqqa eltuvchi yo‘l asfaltlandi. Bugungi kunda ichki ko‘chalarni ham ravonlashtirish ishlari olib borilyapti.
- O‘tgan yili shu mahallada hokim yordamchisi vazifasida faoliyat boshladim, - deydi Talant Olimov. – Xatlov o‘tkazildi. Daraog‘zi qishlog‘ida 3-4 ta dam olish maskani faoliyat olib borayotganligi, ammo ular davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniqlandi. Mahalla faollari bilan birga qishloq aholisiga tushuntirish ishlari olib bordik. Natijada 5 ta dam olish maskani qonuniy faoliyat boshladi. Ularning har biri ehtiyojiga qarab imtiyozli kredit olish uchun arizalar topshirdi. Masalan, tadbirkor Vahobiddin Turdiyev 200 million so‘mlik kredit olish istagini bildirdi. Bu mablag‘ evaziga u faoliyatini kengaytirib, o‘ziga qarashli hududda tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan o‘tovlar o‘rnatish, so‘rilar sotib olish, muzqaymoq paviloni va basseyn bunyod etishni rejalashtirgan. Shuningdek, hududda yana 13 ta dam olish maskani ochilishi ko‘zda tutilgan.
“Nogiron bo‘lsam ham xorijda ishlashga majbur bo‘ldim”
Turizm qishlog‘iga kiraverishda joylashgan “Andoqsoy yong‘oqzorlari” dam olish maskani o‘tgan yili faoliyat boshladi.
- Bolalikdan ikkinchi guruh nogironiman, - deydi tadbirkor Vahobiddin Turdiyev. – Shunday bo‘lsa-da, ro‘zg‘or tebratish uchun ikki yil xorijda ishlab qaytdim. Oson kechmadi. Qishloqqa qaytib, boshim qotib turganida mahallamizdagi hokim yordamchisi dam olish maskanini tashkil qilishim mumkinligini aytdi. Guzarimiz turizm qishlog‘iga aylantirilgani, mahallamizdagi Abulhasan Andoqiy ziyoratgohi obod bo‘layotgani, kundan-kunga sayyohlar safi kengayishini va bizga imtiyozli kreditlar ajratilishi mumkinligini tushuntirdi.
“Xorijdan qaytib, xorijliklarni mehmon qilyapman”
Vahobiddin aka tavakkal qilib, ish boshladi. Hokim yordamchisi aytganidek, haqiqatan ham qishloqqa kelayotgan sayyohlar safi kengayib bordi.
- Dam olish maskanimizga, avvalo, viloyatimizdan, shuningdek, olis shaharlardan, Toshkent, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan mehmonlar kelyapti, - deydi u. – Shuningdek, Rossiya va Turkiya davlatlaridan ham kelgan sayyohlarni mehmon qildik. Hududimizdagi go‘zal tabiat manzarasi ularda katta taassurot qoldirdi. Yozning issiq kunlarida ham bu yerda bahor havosi kezishiga guvoh bo‘lib, hayratlandi.
V.Turdiyev o‘z hovlisida, oilasi bag‘rida bo‘lib ro‘zg‘or tebratyapti. Shuningdek, qishloqdagi 4 nafar ishsizning bandligini ta’minladi.
Andoqsoyda Sherali Jo‘rayevning ham dam olish maskani bor
Yangi tashkil etilgan turizm qishlog‘idagi dam olish maskanlaridan biri shu yerlik tadbirkor Sherali Jo‘rayevga tegishli.
- Avvallari ham mehmon kutganmiz, - deydi u. – Endilikda faoliyatimizni qonuniy tadbirkor sifatida davom ettiryapmiz. Buning qulayliklari katta ekan. Tekshiruvchilar bizga jarima solish uchun emas, faoliyatimizni kengaytirish uchun yordam ko‘rsatgani kelyapti. Kreditlar ajratilishiga ko‘maklashyapti. Mehmon uylari tashkil qilyapmiz.
Daraog‘zining dovrug‘i dunyoga taraladi
Hududdagi dam olish maskanlarida sharoitlar kundan kunga yaxshilanayotgani kelayotgan sayyohlar safini kengayishiga sabab bo‘lyapti.
- Navoiy viloyatining Uchquduq shahridan keldik, - deydi Ismatillo Sonniboyev. – Oilamiz bilan tog‘ etagida dam olish uchun har yili qaysidir viloyatga borish an’anaga aylangan. Bu yil Daraog‘zi turizm qishlog‘iga aylantirilganini kattaqo‘rg‘onlik qarindoshlarimdan eshitib, shu yerni tanladik. Haqiqatan ham ajoyib joy ekan. Boshqa viloyatlardagi mashhur oromgohlardan qolishmaydi. Bu haqida hamshaharlarimga, hatto xorijdagi do‘stlarimga gapirib beraman. Ular ham kelsa, boshqalarga aytishadi. Shunday qilib tez orada Daraog‘zining dovrug‘i dunyoga taraladi. Bu esa yurtimizda turizm sohasining rivojiga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shadi.
Hududda faoliyat boshlagan tadbirkorlar, dam olish maskanida mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan bir qatorda bog‘bonchilik bilan ham shug‘ullanadi. Yuzlab mevali daraxtlardan olinayotgan mo‘l hosil ro‘zg‘origa mo‘magina daromad keltiryapti.
To‘lqin SIDDIQOV, Baxtiyor MUSTANOV (surat).