Kecha test sinovlarining ikkinchi kuni Samarqandda to‘rt nafar abituriyent imtihondan chetlatildi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyatida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun beshta ochiq maydonda test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, kecha imtihonning ikkinchi kuni birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 5460 nafar abituriyentdan 4859 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Ammo 601 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Shuningdek, birinchi navbatda bo‘lib o‘tgan imtihon jarayonida bir nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, ikki nafari telefondan foydalangani sababli test sinovlaridan chetlatilgan.
Ikkinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan abituriyentlardan 5078 nafari test sinovlariga kelgan, 382 nafari turli sabablarga ko‘ra qatnashmagan. Imtihon jarayonida bir nafar abituriyent telefondan foydalangani tufayli test sinovlaridan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz: Test sinovlarining birinchi kuni Samarqandda 10 nafar abituriyent tartib-qoidani buzgani uchun imtihondan chetlatilgan.
Viloyatda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 10 kun, ya’ni 18 avgustga qadar davom etadi.