Kechagi va bugungi ismlar qanchalik bir-biridan farq qiladi?

Ism inson hayotining ajralmas bo‘lagi. Sababi, kishiga har kuni ismi bilan murojaat qilinadi. Shuning uchun ism insonga har tomonlama yoqishi, mos bo‘lishi kerak.
Ism tanlashda odamlar qadimdan o‘z milliyligiga xos serma’no nomlarni xush ko‘rgan. Masalan, o‘g‘il bolalarga dovyurak, qo‘rqmas bo‘lsin deya Bahodir, Azamat, Pahlavon kabi ismlar qo‘yilgan bo‘lsa, qiz bolalarga chiroyli, orasta, nazokatli bo‘lsin deya Go‘zal, Dilbar, Lobar, Gulchehra kabi ismlar berilgan.
Ilgari odamlar ism qo‘yish borasida zukko edi. Farzandini bilimli bo‘lishini istab Olim, Komil, badavlat bo‘lishini istab, Davlatbek, rahbar bo‘lishini istab, Farmon, Hukm deb ism qo‘ygan. Ammo shunday davr bo‘lganki, ba’zilar farzandiga ish qurollarining nomini ham bergan. Bolaligimda buvimdan:
- Buvi, nega avvallari odamlar O‘roqboy, Boltaboy, Teshaboy deb ism qo‘yishgan? – deb so‘ragandim.
- Ilgari odamlar farzandlariga oddiy ismlar qo‘ygan. Odamlar bolaning tug‘ilishini kun va oylarga qarab ham nomlab ketavergan. Masalan, bola juma kuni tug‘ilsa, ismini Jumaboy, ramazon oyida tug‘ilsa, Ramazon, rajab oyida tug‘ilsa, Rajab, Oyrajab deb nomlashgan.
Balki buvimning gaplarida jon bordir. Ayrim odamlar chaqaloqdagi biron xususiyat yoki kasallikka qarab ism tanlagan. Masalan, nor bilan tug‘ilgan chaqaloqqa Norboy, Norxol, Norbuvi ortiqcha barmoq bilan tug‘ilsa Ortiq, Ziyoda kabi ismlar qo‘yishgan. Agar oilada bolalar go‘dakligidan vafot etaversa, Tursun, Toshboy, Tursunoy, Mahkam kabi ismlar bolani o‘limdan asraydi, deb ishonishgan. Haqiqatda bunday ism sohiblari yashab ketgan.
Bundan tashqari, o‘zbek tilida unutilib ketayotgan ismlar ham bor. Masalan, ilgari to‘qson yoshida farzand ko‘rgan ota o‘g‘liga To‘qsonboy, sakson yoshida farzand ko‘rgan ota esa Saksonboy deb ism qo‘ygan.
Bugungi kunda odamlar farzandiga avvalgidek oddiy ism qo‘yishni istamaydi. Ba’zilar bola tug‘ilmasdan oldin jozibali va yoqimli ismlar ro‘yxatini tuzib, ular ichidan eng ma’qul kelganini tanlaydi. Hatto internetda ismlar.com sayti bo‘lib, undan istalgan ismning ma’nosini bilish mumkin.
Afsuski, yurtdoshlarimiz orasida o‘zi yoqtirgan film qahramoni yoki mashhur futbolchining ismini qo‘yadiganlar ham chiqyapti. Masalan, kimdir bolasiga Ronaldo deb ism qo‘yibdi. Bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi internet tarmoqlarida tarqaldi. Albatta, odamlar bunga o‘z munosabatini bildirdi. Munosabat bildirganlardan biri: “Aslida Ronaldo futbolchining ismi emas familiyasi. Yaxshiyam bolasiga Krishtianu, deb ism qo‘ymabdi”, degan. Haqiqatan ham futbolchining ismi Krishtianu bo‘lib, uning ma’nosi “Masihga bag‘ishlangan” yoki “Masihning izdoshi”, degan ma’noni bildiradi.
Bolaga ism tanlashda uning ma’nosiga ahamiyat berish kerak. Mashhur yoki jarangdor ekan deb to‘g‘ri kelgan ismni qo‘yib bo‘lmaydi. Ertaga uning ma’nosi mentalitetimizga to‘g‘ri kelmasligi, bola ismidan norozi bo‘lishi mumkin. Qayerdadir o‘qigandim, bir erkakdan ismini so‘rasa, “Ismimni aytishdan uyalaman, ismim Rayhon”, degan ekan. Yana bir kishi o‘zining Jonon ismidan noroziligini aytgan.
To‘g‘ri, biz ko‘pincha o‘zbekcha ismlar bilan birga forscha, arabcha ismlarni ham yaxshi ko‘ramiz. Faqat ularning ma’no-mazmunini tushunib, keyin qo‘llashimiz maqsadga muvofiq. Haqiqatda ism inson ruhiyatiga ta’sir qiladi. Agar shunday bo‘lmaganida payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam islomga kirgan mushriklarning ba’zilarining ismlarini o‘zgartirmasdi. Bu haqda tarixiy kitoblarda qayd etilgan.
Shuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning onalari Amina homiladorlik paytida uch marta tushida bir kishi “Bolangning ismini Muhammad qo‘y”, degani haqidagi ma’lumotlar ham islomiy kitoblarda keltirilgan. Muhammad ismining ma’nosi – to‘xtovsiz, tinimsiz, hamisha maqtaladigan, deganidir.
O‘rta Osiyoga islom kelganidan buyon ota-bobolarimiz farzandlariga Muhammad, Muhammadali, Nurmuhammad, Muhammadjon, Oysha, Xadicha kabi ismlarni ko‘proq qo‘ygan. Bu an’ana asrlar osha davom etib kelgan. Faqat sobiq sovet hukumati davriga kelib, ushbu ismlar bolaning tug‘ilganlik guvohnomasiga Mamat, Mamadali, Nurmamat deb buzib yozilgan. Odamlar ham bora-bora ushbu ismlarga ko‘nikkan. Hatto ba’zi ismlar ruscha talaffuz qilina boshlagan. Masalan, Gulnora, Gullola, Gulandom kabi gul bilan boshlanadigan ismlar so‘zlashuvda “Gulya”, Alijon, Alisher, Alibek kabi ismlar “Alik”ka aylangan. Borya, Fedya, Kolya ismlari istiqlolga erishganimizdan so‘ng Botir, Farhod, Kamol kabi o‘zbekcha ismlarga aylandi. To‘g‘rirog‘i, odamlar qisqartma ismlardan voz kechib, kishilarga o‘z ismi bilan murojaat qiladigan bo‘ldi.
O‘sha davrda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarga o‘zbekcha ism-shariflar ruscha talaffuzda buzib yozildi. Buning asorati haligacha davom etib kelyapti. Masalan, tahririyatga maqola ko‘tarib kelgan kishilarning ayrimlari pasportidagi familiyasi qanday yozilgan bo‘lsa, gazetaga ham shunday chiqishini istaydi. Holbuki, gazetxon buni o‘qigach, tahririyat xodimlari xato yozibdi, deb o‘ylaydi. Hamon oramizda ism-sharifidagi xatolarni tuzatishni istamaydiganlar topiladi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun zamon o‘zgardi, odamlarning tafakkuri taraqqiy etdi. Endi ular ismlarning inson hayotiga ta’sir etishini yaxshi biladi. Farzandini yetuk mutaxassis, olim, solih, kelajagi porloq bo‘lishini istagan kishilar ism tanlash borasida yetti o‘lchab, ber kesadi. Buni tahlillardan ham ko‘rishimiz mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammadali va Soliha ismlari 2023 yilda eng ko‘p qo‘yilgan ismlar ro‘yxatida birinchi bo‘lgan, ya’ni 24 mingdan ortiq qizaloqqa Soliha deb, 27 mingdan ortiq chaqaloqqa Muhammadali deb ism berilgan. Shuningdek, qiz bolalarga Yasmina, Muslima, Xadicha, Imona, Shukrona degan ismlar ko‘proq qo‘yilgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalarga Mustafo, Abdulloh, Muhammad, Muhammadyusuf kabi ismlar berilgan.
Xo‘sh, xorijliklar qanday ismlarni yoqtiradi? Keyingi yillarda Rossiyada o‘g‘il bolalarga Aleksandr, qiz bolalarga Anastasiya ismlari ko‘proq qo‘yilayotgan ekan. Xuddi shunday Xitoyda Vey va Fang, Germaniyada Ben va Emma, Yaponiyada Minato va Sakura, Hindistonda Arav va Adiya, Italiyada Franchesko va Sofiya ismlari mashhur va ko‘p tarqalgan ismlar hisoblanarkan. Ushbu ismlar ham o‘sha xalqlarning milliyligi asosida vujudga kelgan.
Xurshida Ernazarova.