Kechinma: Bir zamon bu...

Demokratikmi yoki aksincha, nodemokratikmi, bilmadim, chunki buni vaqt ko‘rsatadi, ammo nazarimda, inson ma’naviyati va ongini oila tarbiyasi yoki oqsoqollar, hatto o‘zi ham emas, ijtimoiy tarmoqlar boshqaryapti.

Bu tarmoq axborot tarqatish vositasi maqomidan chiqib bo‘ldi. Insoniyat shuuri, farosati o‘zi yaratgan mo‘’jiza saltanati oldida ojiz qolayotganga o‘xshaydi.

Telefondagi diydorlashuvdan taskin topyapmiz. Saboqni kitobu daftardan, muallim samimiyatidan emas, turli kanallaru saytlardan olyapmiz. Sha’n va oriyat bilan bog‘lik, bir paytlar nozik hisoblangan tuyg‘u va xislatlarimiz endilikda ijtimoiy tarmoqlarda hammaga dasturxon qilinyapti.
Faqat ko‘zlardagina, dillardagina iqrorini topishi mumkin bo‘lgan do‘stona va oshiqona tuyg‘ular ham telefonda izhorini topyapti. Mehr yurakdan telefon tasviriga ko‘chib ulgurdi. Ishqilib, bu ilg‘or texnologiya degani insonni bir-biridan uzoqlashtirmasa edi.

Ayrimlar bu matohga butunlay bog‘lanib qolishdi. Kitob o‘qiganni, qalamda yozganni, suratga tushmasdan oddiy, samimiy suhbat qurganlarni masxara qila boshladik. Uyimizdagi, oilamizdagi holatni ko‘pchilikka ko‘rsatishni odat qildik. "Layk"ni avvaliga, olqish, ma’qullash, endilikda esa tarafkashlik belgisi ham deb qabul qilyapmiz.

Bilaman, endi orqaga mutlaqo yo‘l yo‘q... Bu haqda o‘ylashning o‘zi xato.
Mana, o‘zim ham yuragimni qiynagan holatni Sizga davrada ko‘nglimni tilimga chiqarib emas, sirtdan,  g‘oyibona, shu tarmoq orqali aytib turibman.
Yaxshilikka buyursin...

Farmon Toshev.