“Kelajak liderlari”: Samarqandda sinovdan o‘tgan mazkur klub barcha viloyatda tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali qoshida davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etilgan edi. Klub faoliyati kutilgan natijani bergach, barcha viloyatlarda klublar tashkil etildi.
Undan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish, davlat xizmatining jozibadorligini oshirish hamda yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirishdan iborat.
Klubni tashkil etish davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 dekabrda o‘tkazilgan Yoshlar forumidagi nutqi, Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda joriy yil dasturida qayd etilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadiga qaratilgan. Ushbu yoshlar o‘z faoliyatlari davomida jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar bilan o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilgan holda ishlab, ularni imkon qadar yechimini topishga harakat qilishlari kerak.
Samarqand viloyat “Kelajak liderlari” klubi a’zolaridan bir guruhi Samarqand viloyat sudiga taklif etildi. Viloyat sudi rahbariyatining asosiy maqsadi, “Kelajak liderlari” klubi a’zolarini viloyat sudi jamoasi, bu yerdagi shart-sharoitlar, sudyalar va sud xodimlari faoliyati bilan tanishtirishdan iborat.
Klub a’zolarini viloyat sudi sudyalari B. Aliqulov, B. Jumaboyev, H. Keldiyarova, viloyat sudi yoshlar yetakchisi N. Hamroyev va bir guruh sud xodimlari kutib olishdi. Avvalo, umumiy tanishuv va qisqa suhbatdan so‘ng, tadbir viloyat sudi kichik anjumanlar zalida davom etdi. Bu yerda viloyat sudi sudyalari B. Jumaboyev, H. Keldiyarova ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad, sud tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, viloyat sudi faoliyati va tuzilmasi haqida tushuncha berishdi. Sud sohasining fidoiylari bo‘lgan ustozlarning ibratli hayot yo‘li misollar bilan e’tirof etildi.
“Kelajak liderlari”ning o‘zlari tanlagan uch nafar vakili viloyat sudi raisi qabulida bo‘lishdi. Olim Hayitov mehmonlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, viloyat sudi faoliyati haqida tushuncha berdi.
Klub faoliyati bilan tanish ekanligini, matbuot orqali kuzatib borishini bildirib, viloyat sudi hamkorlikka doim tayyor ekanligini ta’kidladi. Klub a’zolari ham tadbir hamda qabul uchun rahmat aytishdi.
Shundan so‘ng, mehmonlar kichik guruhlarga bo‘linib, viloyat sudi sudyalarining ish kabinetlariga kirishdi, bevosita ish faoliyati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Sudyalar yoshlarning savollariga batafsil javob berar ekan, sud-huquq sohasida ishlash katta sharaf ekanligi bilan birga, ulkan mas’uliyat talab qilishini, buning uchun kuchli bilim, kasbga sadoqat, fidoiylik va tinimsiz o‘z ustida ishlash lozimligini bildirishdi. Yuridik texnikumni a’lo baholarga tugatgan talabalar bevosita sud tizimlarida sud xodimi sifatida ishlashlari mumkinligi ma’lum qilindi. O‘qishni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirib, bakalavr, magistr darajalariga erishgan talabalar kelajakda tegishli bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgach, sudya lavozimlariga lozim ko‘rilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari katta va kichik yig‘ilish zallari, kutubxona, bo‘limlar va sud zallarini tomosha qilishdi. Appelyasiya ochiq sud majlisida ishtirok etishdi.
Tadbir davomida sudyalar va klub a’zolari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Viloyat sudi raisi o‘rinbosari, Zafar Allabayev, viloyat sudi sudyalari Bahodir Aliqulov, Bekzod Jumaboyev, Jasur Yusupov va Nazira Raxmanova o‘z ixtisoslashuvidan kelib, jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy ishlar ko‘rilishi tartiblari haqida gapirib berishdi. “Kelajak liderlari” klubi prezidenti Sheroz Abduvaliyev klub faoliyati haqida tushuncha berib, klub a’zolari bilan tanishtirdi.
Davra suhbati juda qiziqarli bo‘ldi. Klub a’zolari faol ishtirok etib, bir-biridan qiziqarli savollar berishdi. Fikr-mulohazalar bildirishdi. Savollarga batafsil tushuncha berildi.
Samarqand viloyat sudi Jamoatchilik va
OAV bilan aloqalar bo‘limi.