“Kelajak liderlari”ga qanday imkoniyatlar bor?
Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiallari qoshida 20-35 yoshli oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yosh davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Kelajak liderlari” klubi faoliyati tashkil etilgan edi.
Mazkur klubni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad davlat xizmati uchun yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlarni, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb etish, davlat xizmatining jozibadorligini oshirish hamda yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirishdan iborat. Hozirgi kunga qadar “Kelajak liderlari” dasturi doirasida 100 nafar davlat tashkilotlari yosh kadrlarining malakasi oshirilgan bo‘lsa, “Kelajak liderlari” klubi hududiy filiallarida 750 nafar davlat xizmatchilari hamda OTM bitiruvchilarining doimiy malakasi oshirilib kelinmoqda.
Shuningdek, “Kelajak liderlari” klubi faoliyati KPI tizimi asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga ko‘ra, har bir klub a’zosi belgilangan mezonlar asosida ballar yig‘ib borishi, ularni kasbiy imtiyozlar uchun qo‘llashi mumkin.
Joriy yilning 22 fevral kuni Toshkent iqtisodiyot universiteti Samarqand filialining talaba-yoshlari uchun Davlat fuqarolik xizmatchilarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz)”, “Davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirish mexanizmlarining taxlili: ilg‘or xorijiy tajriba va O‘zbekistondagi amaliyot”, “Davlat xizmati – Turkiya – O‘zbekiston tajribasi. Ilmiy faoliyat: imkoniyatlar, muammolar”, “Kelajak liderlari klubi faoliyati” mavzularida trening mashg‘uloti tashkillashtirildi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali vakillari, iktisod fanlari buyicha falsafa doktori PhD, Toshkent iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari, “Kelajak liderlari” klubi a’zolari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ra’no Umarova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Samarqand viloyati filiali bosh inspektori.