«Kep qoling, “issiqda qolgan muzdek” chalopga!..»
Yozning jazirama kunlarida muzdek ichimlik ichib chanqoqni qondirishga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, uzoq manzilga ketayotgan haydovchi va yo‘lovchilar yo‘l yoqalarida sotuvchilar tomonidan sotilayotgan salqin ichimliklar, jumladan, go‘ja, chalop, o‘rik sharbati ichishni xush ko‘radi. Ammo, qo‘lidagi lattani aylantirib chorlayotgan “sharbatchi”lar sotayotgan ichimliklar iste’molga yaroqlimi, sanitariya-gigiyena talablariga javob beradimi? Sotuvchilar do‘konlari oldida taxlab tashlangan turli ichimliklarning kuni bilan quyosh tig‘ida turib o‘z xususiyatini yo‘qotishini bilamizmi? Xaridorlar-chi, ichayotganlarida rangi, ta’mi o‘zgarib qolganini sezarmikan?
– Kunora safarga chiqishimga to‘g‘ri keladi, - deydi Burxon degan do‘stimiz. – Havo issiq emasmi uydan olib chiqqan ichimlik suv yoki choy tezda isib qoladi. Shu sababli “sharbatchilar” yonida to‘xtab, muzdek suv yoki chalopdan ichaman. Ammo ba’zida qorinni og‘ritadi. Bugungi kunda “gazvoda”chilarning oshig‘i olchi. Hozirda Samarqand shahrining aholi gavjum bo‘lgan joylari, bozorlarda, yo‘l yoqalarida qo‘lbola uskuna o‘rnatib olishgan. Chanqagach, har qadamda uchraydigan, sanitariya talablariga javob bermaydigan qo‘lbola siroplar aralashtiriladigan gazlangan suv, mors va boshqa turli sharbatlardan olib ichishga majbur bo‘lasiz. Samarqand shahrining Dahbed, Rudakiy ko‘chalarida, shuningdek, «Shodiyona» savdo majmui va Siyob dehqon bozori atrofida 30 ga yaqin «gazvodachi»lar o‘rnashib olgan.
“Shodiyona” savdo majmui darvozasi yonida yakka tartibdagi tadbirkor F.Hasanovga qarashli do‘kon bor. Do‘konda faqat milliy shirinliklar, non va non mahsulotlari, muzqaymoq kabi mahsulotlar bilan savdo qilishga ruxsat berilgan. Biroq bu yerda gazlangan suv sanitariya-gigiyena talablariga xilof tarzda sotilmoqda. Do‘kon sotuvchisi N.Jo‘raboyev maxsus kiyimlarsiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan holda savdo qilmoqda. Shuningdek, uning ro‘parasida joylashgan “Afrodita-Samarqand” MChJga qarashli do‘konda gazli ichimlik suvi bilan birga kartoshkali pirojki ham sotilmoqda. Oshpaz J.Naimovda ham maxsus kiyim-bosh yo‘q. Ko‘cha oshxonasi esa talabga javob bermaydi. Xaridorlar uchun sharoit yaratilmagan. Qozon-o‘choq, stol-stullar, idish yuvish joyi sanitariya talablariga javob bermaydi.
– Aslida talablarga javob bermaydigan do‘konlarda bu kabi faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi, – deydi Samarqand shahar DSENM mutaxassisi Hasan Hamroyev. – Ammo tadbirkorlarimiz noqonuniy ravishda shug‘ullanishadi. Shu bilan birga maxsus kiyimsiz, bir martalik plastik idishlardan foydalanishmasdan, xaridorlar salomatligini xavf ostiga qo‘yishadi. Bir necha bor kelib ogohlantiramiz, jarima qo‘llaymiz, ammo, baribir o‘z ishini davom ettiraveradi.
Gazli suv uskunasi egasi M.Dadayev esa tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsa-da, soliq idorasidan savdo qilish huquqini beruvchi patent olmagan ekan. Demak, uning harakatlari ham noqonuniy.
Savdo majmuasidan Siyob bozori tomon ko‘tarilishingiz bilan zinapoya atrofdagi do‘konlar sotuvchilari tomonidan egallab olinganiga guvoh bo‘ldik. Bu yerda yaxna ichimliklar sotayotgan sotuvchilar orasida maktab o‘quvchilarning borligi ajablanarli. Azimjon (o‘qiyotgan maktabi va familiyasini aytishni istamadi) 9-sinfda o‘qisa, yana bir “kichik sotuvchi” Z.Fozilov 7-sinfda o‘qir ekan. U ham xususiy tadbirkorlarning talabi bilan zinapoyaga qo‘lbola gazli suv uskunasini qo‘yib, yuvilmagan idishlarda savdo qilmoqda. Ularda na patent bor, na tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma. Gigiyenaga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimlarda ertalabdan kechgacha tik oyoqda turib suv sotadi.
Shu yerda bir savol tug‘iladi. Voyaga yetmagan bolalar ertalabdan kechgacha bozorlarda, yo‘l yoqalarida savdo qilishi mumkinmi? Ularning ishlashiga ruxsat bergan savdo majmuasi rahbarlari qayoqqa qarayapti? Ota-onalar-chi?
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning o‘tgan davrida viloyat va shahar DSENMlari mutaxassislari tomonidan xuddi shu faoliyat bilan shug‘ullanib, sanitariya-gigiyena talablarini buzganlarga nisbatan biror marta chora ko‘rilmagan ekan.
- Aslida ko‘chib yuruvchi gazli ichimlik suvi uskunalarida savdo qilish umuman mumkin emas, - deydi viloyat DSENM vrach-mutaxassisi Xayrulla Iskandarov. – Tadbirkorlik niqobi ostida qo‘lbola uskunalarda savdo qiluvchilar orasida yosh bolalarning borligi yaxshi emas. Tartib-qoidani buzganlarga nisbatan eng kam ish haqining 1 baravaridan 3 baravarigacha jarima qo‘llanilishi lozim.
Ayni yoz mavsumi boshlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida diareya, ichketish kabi yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar to‘la boshlaydi. Ularning bu yerga kelishiga talabga javob bermaydigan mahsulotlarning iste’mol qilishi sabab bo‘lmoqda.
O‘tkir ichak infeksiyasi, salmonillyoz, gastroentret, gastrit kabi yuqumli kasalliklar keltirib chiqaruvchi mahsulotlar qatoriga haftalab issiqda qolib, keyin o‘z egasini topayotgan qovun-tarvuz va meva-chevalar ham kiradi.
- Samarqand shahri Katta O‘zbek trakti ustida joylashgani uchun ham ko‘cha va yo‘llarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan iste’mol qilish natijasida o‘tkir infeksiya kasalligi bilan og‘rib shifoxonamizga murojaat qilgan yo‘lovchi bemorlar ham uchrab turibdi, - deydi viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi shifokori Lola Tursunqulova. – Ular orasida nafaqat sanitariya talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlaridan, balki ko‘cha va yo‘llarimizda sotilayotgan salqin ichimliklardan iste’mol qilish natijasida kasallikka chalinganlari ham anchagina. Birgina o‘tgan oyning o‘zida qariyb 350-400 nafarga yaqin bemor shifoxonada davolanib chiqishdi. Ularning teng yarmini yosh bolalar tashkil etadi.
Darhaqiqat, har qanday sifatsiz mahsulotni iste’mol qilish yoki uni tayyorlashda me’yorga amal qilinmasa, bu shubhasiz, zaharga aylanishi mumkin. Shuning uchun ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan salqin ichimliklarni iste’mol qilayotganda ehtiyot bo‘ling.
Dilmurod TO‘XTAYeV.