Samarqand yana bir xalqaro turizm forumiga mezbonlik qilmoqda

"Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida “Ipak yo‘lida muloqot” forumi tashkil etildi.

Unda Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashivili va Jahon turizm alyansi raisi Chjan Syoy, O‘zbekiston turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamda turli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Viloyat rahbari “Ipak yo‘lida muloqot” forumi turizm sohasidagi imkoniyat va istiqbollar, muammo va yechimlar bo‘yicha muloqot qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Bizning umumiy maqsadimiz turizmni nafaqat iqtisodiy manfaat keltiruvchi, balki dunyo xalqlarini yaqinlashtiruvchi, tinchlik va barqarorlikka xizmat qiluvchi sohaga aylantirish, - dedi Adiz Boboyev.

Forum qadimiy Samarqand shahrida o‘tishi bejiz emas. Oxirgi yillarda bu yerda turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatga kelayotgan sayyohlar soni ortdi. Bu esa Samarqandning tinch va sayohat uchun qulay shahar sifatida nufuzi yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Tadbirda turizm sohasi istiqbollari, uni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikda ishlash masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.