Kibersport alohida sport turi sifatida tan olindi, endi qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Kibersport (cubersport yoki esports deb ham ataladi) – virtual video o‘yinlarga asoslangan jamoaviy yoki individual musobaqa. O‘yin ilk bor Rossiyada rasmiy sport turi sifatida tan olingan. Ushbu sport turi bilan nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalar ham shug‘ullanishi mumkin. O‘yinning asosiy vositalari - kompyuter va mobil qurilmalar.
Barcha sport turlari kabi bu o‘yinda ham qoidalar mavjud. O‘yin vazifalari rivojlantirishga qaratilgani bilan ajralib turadigan bir necha asosiy sinflarga bo‘linadi: birinchi shaxs, real vaqt strategiyalari, sport simulyatorlari, avtoulov simulyatorlari, havo simulyatorlari, jangovar o‘yinlar, taktik va strategik o‘yinlar elementlari bilan jamoaviy rol o‘ynash o‘yinlari va boshqalar.
Yutuqli pul mukofoti bir necha million AQSh dollarigacha yetishi mumkin. Masalan, “Dota 2” xalqaro turniri bir necha bor to‘lov rekordlarini yangiladi. 2017 yilda 25 million dollar, 2018 yilda 26 million dollar, 2019 yilda 34 million, 2020 yilda 40 million dollar va hokazo.
Kibersportchilar tarixi mahalliy tarmoq orqali ko‘p o‘yinchiga ega bo‘lgan “Doom 2” bilan boshlandi. Quake o‘yinining mashhurligi tufayli 1997 yilda AQShda birinchi kibersport ligasi - Kiberatlet professional ligasi paydo bo‘lgan. Rasmiy esports ligalari mavjud bo‘lishidan oldin ochko to‘planadigan o‘yinlarda kichik musobaqalar bo‘lib o‘tgan.
Rossiya ushbu sportni rasmiy sport turi sifatida tan olgan dunyodagi birinchi mamlakat. 2014 yilda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti “Intellektual sport nazariyasi va usullari (kibersport)” ta’lim dasturini amalga oshirishni boshlagan. 2015 yilda Rossiya, MDH va Sharqiy Yevropadagi eng yirik sport tashkilotiga aylangan Esforce rusumdagi kibersportiga asos solingan.
O‘zbekistonda kibersport o‘yinlari 2016 yildan ommalashgan va hozirga kelib, yoshlarning sevimli mashg‘ulotlaridan biriga aylangan. Ushbu sport turi bo‘yicha yurtimizda turli musobaqalar o‘tkazib kelinadi. Jumladan, ayni vaqtda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida ham kibersport bo‘yicha musobaqalar mavjud. Ahamiyatlisi, 2023 yilda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlari dasturiga kibersport ham kiritilgan.
Joriy yilning 16 noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda ushbu sportni keng ommalashtirish va yoshlarga qulayliklar yaratish maqsadida “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, kibersport rasman alohida sport turi sifatida tan olinib, kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish bo‘yicha idoralararo kengash tuzilishi belgilandi.
- Mazkur qarorda kibersport turlari bo‘yicha professional kibersportchi va murabbiylar, malakali hakam va sharhlovchilar, shuningdek, boshqa mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan, - deydi O‘zbekiston virtual sport o‘yinlari kiber futbol federatsiyasi viloyat bo‘linmasi rahbari Jamshid Jo‘raqulov. – Xususan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil bo‘ladi. “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan kibersportchilar 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab ushbu universitetga bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirishda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilinadi. Ularga maksimal ball beriladi. Shuningdek, kibersport faoliyatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritish belgilandi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.