Kibr ila isrof kambag‘allik keltiradi

Mir Alisher Navoiy “Hayrat-ul abror” asarida:
Sochmoq ovuch birla guhar ot uchun,
Naqd etak birla, mubohot uchun,
Aql hisobidan erur bas yiroq,
Buxl bu judingdan erur yaxshiroq, deb yozadi.
Hazrat Navoiy nom chiqarmoq uchun dur-u gavharlarni hovuchlab sochmoq, aqldan yiroqlikdir, deb bizni ogohlantiradilar. Shon-shuhratga, obro‘-e’tiborga dabdababozlik bilan erishilmaydi. Bir umrlik izzat-e’tiborga, to‘y bahona isrofgarchilik ila sazovor bo‘linmaydi. Manmanlik ila to‘kin bir oilani, ya’ni quda tomonni bir umr sindirib, qarzdorlik botqog‘iga botirib, qarindoshlik rishtalarini bog‘lab bo‘lmaydi.
Birovni qaqshatib, to‘y o‘tgangandan keyin egik boshini ko‘rib huzurlanish musulmonchilikdan emas. Go‘daklarning rizqini qirqib, keksalarning umrini qisqartib, sizning xurmacha qiliqlaringiz, ya’ni o‘zingiz “ixtiro” qilgan orzu-havas niqobidagi “obro‘”ingiz ila hurmatga loyiq ko‘rilmaydi.
Kibrni yuqumli kasallikka o‘xshataman. Kasallikning esa turlari juda ko‘p.
Bu safar kibr tufayli kelib chiqadigan isrofgarchilikning turlari haqida gapirmoqchiman.
Bu vaqt isrofgachiligi, demakki, umr va baxt isrofgachiligi. Bu rizqu-ro‘z isrofgarchiligi. Behudaga ketgan halol mehnat, peshona ter, ya’ni sog‘lik–salomatlik isrofgarchiligi.
Nazarimda, kibr va isrof so‘zlarining yonida qadriga yetmaslik, insofsizlik, loqaydlik, nonko‘rlik, bemehrlik hatto, beshafqatlik, nobud qilish, yo‘q qilish, vayron qilish degan so‘zlar turadi.
Shu yilning 17 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora- tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu yil 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingin. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Umuman, joriy yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi. Chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratiladi. O‘zbekiston mahallalar uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi.
Xalqimizda “Nimani xor qilsang o‘shanga zor bo‘lasan”, degan hikmatli gap ham bor. Hovlisida 10-15 sotixdan ko‘proq yeri bo‘la turib, bu xazinadan unumli foydalanmaydigan qishloqdoshlarimiz yer yuzi aholisining yetmish foizining bir qarich ham shaxsiy yeri yo‘qligini bilarmikin?
Hukumat darajasida tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan qarorlar, xalqning to‘q va badavlat yashashi, farovon umr kechirishi uchun dasturilamal ekanidan xabardormikin? Albatta yo‘q. Xabari borlar yerga, hovlisidagi tomorqaga xazina deb qarab, shu sabab ham boy-badavlat yashamoqda.
Kundan-kunga, yildan-yilga tomorqani parvarishlash tajribasi ortib, elimiz dasturxonining ko‘rkiga aylanmoqda. Surxondaryoda 10 sotix yeridagi issiqxonaga limon ekib, 80 million so‘m daromad ko‘rayotgan oilani, Toshkent viloyatida 4 sotix yerga bodring ekib, 40 million so‘m daromad qilayotgan, 20 sotixli issiqxonadan 130 million so‘mdan ziyod daromad olayotgan oilalarni ko‘rdim. Tomorqadan foydalanishni andijonliklarga chiqargan-da: 16 sotix tomorqadan unumli foydalanib, issiqxonani yildan yilga kengaytirib, zamonaviy uylardan sotib olishadi. Farzandlarini o‘qitib, kelajagini ta’minlaydi. 16 sotix yeri bor odam 3 ta farzandini kontrakt pulini, qo‘shimcha pulli kurslarga o‘qishini bemalol to‘lamoqda. Uyg‘oq odamlarning vaqti rejalashtirilgan, yozda issiqni, qishda sovuqni bahona qilib, televizorning ro‘parasida yonboshlab yotmaydi. Ular zamonu-makondan nolib, og‘irni ustidan, yengilni ostidan yuruvchilar emas.
Respublikamizning qishloqlarida yerni qadrlovchilar ko‘p. Afsuski, loqaydlar, hali ham “Olma pish, og‘zimga tush” deb turganlar talaygina. Tomorqadagi yerga ishlov berishni bilmaydilar. Bilmaydiganlar — bilishni xohlamaydiganlardir. Yerdan foydalanish uchun katta ilm kerak emas! Ozgina hafsala bo‘lsa bas. Yerimiz jannat. Yerni boqsang, yer seni boqadi.
Yer yuzida 900 milliondan ziyod aholi to‘yib ovqatlanmaydi.
2024 yilda dunyoda ocharchilikdan aziyat chekuvchilar soni 1,6 millirddan oshib ketdi. Bu ko‘rsatkich yildan yilga oshmoqda. Bu haqda YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tashkiloti xabar bermoqda.
Bu xabarlarni o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimga ijtimoiy tarmoqlarda suratlari namoyish etilayotgan chiqindi uyumlari yonida, butun dunyo ahliga ozg‘in qo‘lchalarini cho‘zib, “Non bering!” deb iltijo qiliyotgan go‘daklar, bolasini bag‘riga bosib, bir parcha non, bir qultum suv so‘rayotgan onalar, yegulik izlab o‘zga yurtlarga tomon xor-u sarson ketayotgan egilgan boshlar, non hidi kelayotgan mamlakatlar sohiliga yetay deb, qayiqlarga og‘irlik qilib, bola-chaqasi bilan cho‘kib ketayotgan ming-ming oilalar keladi.
Eldoshim, bir lahzaga bo‘lsada o‘sha ochlikka mahkum go‘daklarning ota-onasini o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘ring! Yo‘q!
Ha, hatto tasavvur qilish qo‘rqinchli! Bola non so‘rasa-yu, ota-ona ilojsiz bo‘lsa... hatto, o‘ylash og‘ir!
Eldoshim, hovlimizdagi oltindan qimmat yerga egilaylik! Tuproqni hidlaylik! Undan barakaning hidi keladi. Undan rayhonlarning, jambillarning bo‘yi kelishi bizga bog‘liq emasmi? To‘kinlik, baxtiyorlik xonadonimizni tark etmasligi vijdonimizga havola emasmi?!
Bir hovlida mehnatga yaroqli uchta odam yashasa-yu, hech biri ketmon ushlab hovlilaridagi yerga ishlov bermasa, qo‘yxona, molxonadan chiqqan chiqindilarni uvitib, sharbat qilib daraxtlar oziqlantirmasa, sug‘ormasa. Taglari yumshatilmagan bog‘, qayerdan bog‘ bo‘lsin? Tomorqa qayerdan tomorqa bo‘lsin? Qo‘shimcha daromad qayerdan bo‘lsin? Qo‘shimcha daromadsiz kim boy bo‘lishi mumkin?
Bu qarovsizlikdan qotib, tosh metinga aylangan yerlarning uvoli tutmasmi? Dangasalik tufayli bitta-bitta qurib, yo‘qolib ketayotgan bol tomuvchi bog‘larning zavoli urmasmi? Axir, yerning isrofi, bolamizning og‘ziga tegib turgan ne’matning isrofi emasmi?
Ona yer. Ha, biz, o‘zbeklar yer so‘zini ona so‘ziga qo‘shib aytamiz. O‘zbekning dalalari bor ekan, u hech qachon zoriqmas. Ne yeyman, deb toriqmas. Birovning qo‘liga qaramas. O‘zganing bog‘lariga o‘g‘rincha qayrilmas. Begonaning xirmoniga qo‘l uzatib g‘ururidan ayrilmas.
Momo yer. Biz, o‘zbeklar yer so‘zini momo so‘zining ham yoniga loyiq ko‘ramiz. Momo –onamizning onasi. Momo - otamizning onasi. O‘zbek momosini tashlamagan-ku, og‘ziga non tutgan qo‘llarni tishlamagan-ku! Momoning ro‘mollari o‘pilganku, etaklarida nomoz o‘qilganku, bukchayib qolgan yelkasiga mehrlar yopilganku. Qani momo yerdan qarzdorlik tuyg‘umiz? Momodan uyalmoq kerak! Biz momo yer oldida, momomiz oldida uyatdan qizargandek qizarmog‘imiz kerak emasmi?!
Qish qilichini qayrab turgan yanvar oyida Surxondaryoga bordim. Hosilga kirgan limonzorlardan ketging kelmaydi. Balki jannat gullarining xushbo‘yi shunday bo‘lar. Limon gullarining hidini tibbiyotchilarimiz “Aromaterapiya”, deb nomlab, ayniqsa qish chog‘i asabi toliqqan bemorlarga limon ekilgan issiqxonaga kirib yarim soat-bir soat o‘tirishni tavsiya qilishar ekan. Limonning o‘ziku necha xil dardga davo. Dasturxonidan limon arimaydigan ro‘zg‘orga kasallik kelmaydi.
“Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar”, degan xalqimizning maqoli bor. Bir yil tomorqadan yaxshi daromad ko‘rgan oila keyingi yil bundan ko‘proq foyda oladi. Keyingi yil avvalgi yilgi kamchiliklarni takrorlamaydi. Tajriba sekin-sekin to‘planadi. Tajriba esa muvaffaqiyat garovi. Chet elda tajriba katta pulga sotiladi. Surxondaryolik tadbirkor dehqonlar esa limonchilik bo‘yicha orttirgan tajribalarini qo‘shni viloyatlardan kelgan do‘stlariga ham bajonidil o‘rgatishmoqda.
- Har yil bahorda xonadonma-xonadon yurib, aholiga tomorqadan to‘g‘ri foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini tushuntiramiz, kam ta’minlangan oilalarga poliz ekinlarining urug‘larigacha tarqatamiz. Piri badavlat keksalarimizni tajriba almashishga olib boramiz. Ming afsuski, ba’zi oilalar ishni oxirigacha yetkazmaydi. Ko‘chatlarni quritib, tomorqani taqron yer qilib, ”Nega bizga hech kim qarashmaydi, mahalladan berayotgan yordam puli bizga doimiy berilsa nima qiladi?”, dyeb nolishdan to‘xtashmaydiganlar ham bor, - deydi hokimiyat vakillari. - Bundaylar tomorqadan foydalanish uchun hatto urinib ham ko‘rishmaydi.
“Bolasini birorta hunar bermasdan katta qilayotgan odam, o‘g‘rini boqayotgan odamdir“, deydi donishmand Konfutsiy.
Donishmand Konfutsiyning bu so‘zlarini egasi bo‘lib qolmaylik. O‘g‘ri birinchi o‘g‘rilikni avvalo o‘z uyidan boshlaydi. “Kichkina o‘g‘rilik”dan boshlaydi. So‘ngra ota-onasining cho‘ntagiga qo‘l suqadi. Qo‘ni-qo‘shninikiga so‘roqsiz kiradi. Siz sezib qolganingizda esa ancha kech bo‘lib qolmasin. Siz dod deysiz, urug‘-avlodimda o‘g‘ri yo‘q ediku, deb. Kechirasiz, avlodingizda o‘g‘rilikni siz boshlab berdingiz. Siz unga tekintomoqlikni o‘rgatdingiz. Hunar bermadingiz. Dehqonchilikni o‘rgatmadingiz. Tomorqada yoningizga olib ishlatmadingiz. O‘g‘il bola bo‘lib, qurilishni bilmaydi, bir narsa buzilsa tuzatishni bilmaydi. Devor o‘pirilsa, suvashni bilmaydi. Deraza sinsa, boshqa oyna qo‘yishni bilmaydi. Bozor qilishni bilmaydi.
Qizingiz-chi? “Qizi o‘nga kirdi, onasi songa kirdi”, degan maqolni bekorga aytishmagan dono xalqimiz. O‘nga kirgan qizingizga biror hunar bermadingizmi, demak, siz ham bir o‘g‘rini boqmoqdasiz.
Pazandalik muqaddas hunar. Bichish-tikishni bilish hunar. Mahsulotlarni chiqitga chiqarmay, tyejab-tergab, iqtisod qilishga o‘rgatish, qiz bolaning farosatini shakllantirish oiladan boshlanadi. Yo‘qsa, u oynaning oldidan ketmay qoladi. Oynaga ko‘chaga chiqishdan oldin qaraladi. Bo‘yanib, yasan-tusan qilgach, ko‘chaga chiqqisi, kimgadir o‘zini ko‘z-ko‘z qilgisi keladi. Bir, ikki, uch marta ko‘chaga maqsadsiz chiqqan qizni to‘rtinchi marta to‘xtatolmaysiz.
Ko‘cha uni sizdan shunday tortib oladiki, bir haftaning ichida sizga tik qaraydigan, gap qaytaradigan bo‘ladi. Bir oy ichida esa sizga qanday yashash kerakligini o‘rgata boshlaydi. Yoqa ushlab ulgurmaysiz. Sizdan katta-katta pul so‘raydi. Tabiiyki, har kun u aytgan pulni topib bera olmaysiz. U sizni qoloqlikda, qizg‘anchiqlikda, pastlikda ayblab, ko‘chaga chiqa boshlaydi. Tamom.
Kitob o‘qimagan odamga kibru havo tez yopishadi. Xudbinlik ruhida tarbiyalangan bola hammadan o‘zini ustun qo‘yadigan, gyerdaygan, g‘o‘ddaygan odam bo‘ladi. Ota-ona undagi kamtarlikni tarbiyalamagan. Uyat, andisha degan aziz tushunchalarni u ko‘chadan olmaydi-ku.
Ha, u ko‘chadan uyatsizlikni o‘rganishi aniq. Bu bilan men bola ko‘chaga chiqmasin, demayman. U dastlab ko‘chaga siz bilan chiqsin. O‘quv to‘garaklariga, sport zallariga, hunarmand ustalar yoniga, bog‘bonning, chorvadorning, fermerlarning ishlariga yordamlashishga borsin. Qadimdan ota-bobolarimiz bolasini ustozga o‘zi olib borib “Suyagi bizniki, go‘shti sizniki”, deganlar.
Hunar o‘rganish mas’uliyatli jarayon. Qarang,ustozga tananing asosiy qismi topshirilmoqda. Yurak ham bir parcha go‘sht, aslo suyak emas. Boshqa muhim a’zolar ham go‘shtdan iborat. Agar go‘shtga e’tibor berilmasa, avaylanmasa, toza tutilmasa kerak bo‘lsa tuzlanmasa, u aynab, achib ketishi mumkin. Go‘sht yaroqsiz bo‘ldimi, quruq suyak kimga kerak? Agar bola chiniqtirilmasa, halollikga o‘rgatilmasa, mag‘lubiyat alamini totib, har lahzada o‘zidan kuchlilar borligini his etmasa, suv yuziga chiqqan pufakdan farqi qolmaydi.
Demak, bolamiz avval biz borgan joyga boradi. Shoir aytadi “Fosiq yoniga borsang, fosiq bo‘ladirsan. Oshiq yoniga borsang, oshiq bo‘ladirsan”. Xuddi shunday, bola johil yoniga borsa, johil bo‘ladi. Fozil yoniga borsa fozil bo‘ladi.
O‘z bolamizni o‘zimiz asramasak, buzilish o‘z uyimizdan boshlanadi. O‘z bolamizni o‘zimiz yetaklamasak, uni boshqalar yetaklab ketishi aniq. Ular juda-juda uzoqlarga yetaklab ketadiki, u yo‘llar borsa xatar, u yo‘llar borsa qaytmas...
Shukurki, bugun millat uyg‘ondi. Ko‘rmoqdamiz, uyg‘oq bolalarimiz yurt sha’nini yuksak cho‘qqilarga olib chiqmoqda. Mana el ichra yaxshi nom chiqarish, mana dunyoga dovrug‘ solish. Bu o‘g‘il-qizlarimiz, eng avvalo, kamtarin, halol, imon-e’tiqodli odamlarning farzandlari. Ularning har bir Yangi O‘zbekiston. Nahot yildan-yilga, oydan–oyga, kundan–kunga ona O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taruvchilar safini ko‘paytirmasak. Axir, biz 36 milliondan ortiq xalqmiz. Bizga minglab Rustamlar, Nodirbeklar, Javohirlar, Shamsiddinlar, Diyoralar, Asilalar, Bahodirlar, Hasanboylar, Abduqodirlar, Pahlavonlar, Asilbeklar kerak.
Har birimizning xonadonimizda iste’dodlar yashamoqda. Avvalo, biz ularni taniylik! Tan olaylik! Topgan-tutganimizni ularni sog‘ligini tiklash, iste’dodini yuzaga chiqarish, imon-e’tiqodini mustahkamlash, mehr-oqibatli, sabr-qanoatli, mehnatkash, obro‘li, omadli, vatanparvar bo‘lishi uchun sarflamasdan, hoyu-havasimiz, maqtanchoqligimiz, manmanligimiz yo‘lida isrof etar ekanmiz, bizning oqibatimiz yomon, oxirimiz ayanchli. Kibrning, isrofning badali og‘ir. Isrofdan tiyilaylik. Har bir isrof farzandlarimizning – millat ertasining haqi, nasibasi evaziga qilinayotganini vijdonan his etaylik. Vijdonni uyg‘otaylik! Qayg‘u g‘amni, g‘urbat-u iztirobni sotib olmaylik.
Zulfiya Mo‘minova,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira.