Kichik sanoat zonalarida iqtisodiyotni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan "O‘zbekistonning ishlab chiqarish hamda resurslar salohiyatidan keng ko‘lamda va samarali foydalanilishini ta’minlashda kichik sanoat zonalarining roli" mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mavzuning iqtisodiyot rivojidagi dolzarbligidan kelib chiqib, tadbirda qatnashgan Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik, qo‘mita va idoralar, kichik sanoat zonalari direksiyalari hamda korxonalar rahbarlari kichik sanoat zonalaridagi holat va ularning muammolarini muhokama qilishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ularning faoliyatini tartibga soluvchi mustahkam normativ-huquqiy bazani shakllantirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalarini rivojlantirishga xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradigan soliq, bojxona imtiyozlari va yengilliklari yaratildi. Shundan kelib chiqib, bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish, yangi korxonalar tashkil etishni rag‘batlantirish maqsadida ushbu inshoot negizida kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi kichik sanoat zonalari 80 taga yetdi. Mazkur zonalarning har birida direksiyalar tashkil etilgan bo‘lib, kredit olish va bank xizmatlaridan foydalanishda muammo bo‘lmasligi uchun har bir zonaga muayyan tijorat banki biriktirilgan. Hozirgacha ushbu hududlarda umumiy qiymati 990 milliard so‘mga teng 711 loyiha amalga oshirilgan, 15 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.
Kichik sanoat zonalarida faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarga, kiritiladigan investitsiyalar hajmiga qarab, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qo‘llanilmoqda. Jumladan, kichik sanoat zonasida faoliyat ko‘rsatuvchi sub’yektlar 2 yil barcha soliqlardan ozod etilgan. Shuningdek, yillik pul aylanmasi eng kam ish haqining 2 ming baravaridan kam bo‘lmaganda va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning kamida 30 foizi eksport qilinganda mazkur korxona qo‘shimcha yana 2 yil soliqdan ozod etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, kichik sanoat zonalari faoliyatini tashkil etishda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud. Jumladan, kichik sanoat zonalari hududlarida joylashtirish uchun loyihalarni tanlashning aniq mezonlari mavjud emas. Loyihalarga muvofiq zarur muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilmalar qurilishini ta’minlash ishlari yetarli darajada amalga oshirilmayapti. Hududlarda kichik sanoat zonalari ishtirokchilarining muammolarini doimiy o‘rganib borish hamda ularni operativ hal etish bo‘yicha ham xuddi shunday holat kuzatilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi banklar tomonidan imtiyozli kredit foiz stavkasi aniq bo‘lmayotganligi, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv ta’minoti hamda hududga olib boruvchi yo‘llarning nosozligi kabi muammolar mavjud.
Tadbir ishtirokchilari ushbu muammolarga yechim topish, kichik sanoat zonalarining jadal rivojlanishini ta’minlash uchun foydalanilmagan imkoniyatlar va zaxiralarni ishga solish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Sobitxon TURSUNOV,
Alisher MAXMATMURODOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari.