“Kichkina malika”

Baxtiyor Tursun

Tirikchilik qursin, olti oyga deb kelib, ba’zan bir yil, ba’zan ikki yil qolib ketaman. Butunlay qolib, Rossiya fuqarosi bo‘lib ketgan qishloqdoshlarim ham oz emas.
Har safar qishloqqa borganimda otam yanada qarib qolganini, ayolimning sochiga oq oralaganini ko‘raman. Har gal oldingi safar ko‘rgan ba’zi yaqinlarimni ko‘rmayman...
Eng yomoni, bolalarimiz bizni ko‘rmay, diydorimizga to‘ymay katta bo‘lishayapti. Kichkinalari borganimizda tanimay qolishlari boshqalarga kulguli, mening esa dilimni kemiradi...
Mana, yana bir yil Moskvada qolib ketdim. O‘tgan safar ikki yil ishlab, keyin qishloqqa qaytgandim. Kelishimda olti oylik chaqaloq bo‘lgan kichkina qizcham salkam uch yoshga yetgan, burro-burro gapiradigan, tili shirin qizcha bo‘libdi. Haligacha uning meni tanimay qolganini goh kulib, goh o‘zimdan ranjib eslayman.
Yarim kechasi uyga kirib bordim. Kelishimni kutib-kutib uxlab qolgan o‘g‘lim va katta qizlarim eshikdan kirishim bilan uyqudan tura solib, bo‘ynimga osilishdi. Ko‘zlarda yosh bilan diydorlashdik, axir ikki yildan ortiq ko‘rishmagandik-da.
Dadam qachon keladi, deya kutib-kutib, uxlab qolgan kichkina qizimni ham uyg‘otdik.
- Dada keldi, tur! - deya opasi turtkilab uyg‘otgach, joyidan irg‘ib turgan qizcham “dada-dada”lab chor tarafga alanglaydi-yu, yonidagi menga qaramaydi. 
Axir qizcham dadasi men ekanligimni qaydan bilsin, faqat rasmimni ko‘rgan va telefonda ovozimni eshitgan bo‘lsa?
- Kel, qizim, menman dadang,- dedim-u, uni bag‘rimga bosdim.
Avval begonasirab qarab turdi, keyin baqirib yig‘lab yubordi. Tipirchilab qo‘limdan chiqib, ayasiga osildi. Qo‘li bilan meni ko‘rsatib:
- Ketsin bu odam, - deya yig‘lay boshladi.
Xullas, berilgan sovg‘alar, o‘yinchoqlar, shirinliklar bilan ham “dada” deya tan olinmadim. Ko‘zi menga tushsa tamom, yig‘laydi, “ket” deydi. Opalari va akasi dam-badam meni quchib, “O‘zimning dadam”, deya erkalansa, “bu begona odamga buncha osilishmasa”, deganday ularga hayron-hayron qaraydi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Hali-hamon dada ekanimni tan olmadi, meni shu hovlida yurishimga o‘rganmadi. Nuqul begonasirab qaraydi. Dada deb tassavvur qilib yurgan odami bu sochlariga oq tushgan, turmush qiyinchiliklari yuzida aks etgan odam bo‘lib chiqishiga ko‘na olmayapti. Erkalay, o‘ynatay deyman, yaxshi gapiraman, ammo yoniga yaqin borsam, dod solib, “ket” deb yig‘laydi.
Bir hafta o‘tgach, qizim endi-endi, asta-sekin hech qayerga ketmasligimga, men shu uyning egasi, ularning dadasi ekanimga ko‘nika boshladi, ammo hali ham meni dada demas, biror nima so‘ramoqchi bo‘lsa, ey, derdi. Meni senlab gapirardi.
Hovlimizdagi bodom soyasida o‘tiribmiz. Akasi va opasi yonimda. Akasi yerga tushgan bodom donachalaridan olib, bir qo‘liga yashiradi. Keyin menga qo‘llarini tutib:
- Dada, toping-chi, qaysi qo‘limda? - deydi.
Bilsam-da, atay topa olmayman.
- Topa olmadingiz, bu qo‘limda edi, - deya xursand bo‘lib sakraydi o‘g‘lim.
Keyin opasi shunday qiladi. Uning ham yashirganini topolmayman. U ham shodon qiyqiradi. Akasi va opasining zavqlanishlarini kichik qizim sal narida havas bilan kuzatib turibdi, ammo yaqin kelmaydi. Hurpayib turaveradi. O‘yin rosa qiziganini ko‘rib, sekin-asta bizlarga yaqin keldi. 
O‘g‘lim yana qo‘liga bodom yashirib:
- Dada-dada, endi toping-chi, qaysi qo‘limda? - dedi.
- Mana bu, o‘ng qo‘lingda, - deya topib olaman.
Nihoyat, kichkina qizim ham bitta bodom donachasini qo‘liga oldi. Har bir harakatini ko‘zimning osti bilan kuzatib turibman. Bodomni qo‘liga yashirdi-da, sekin menga yaqinlashdi. Ataylab boshqa tarafga qarab turdim.
- Ey, ey, qaysi qo‘limda, top-chi?
Biram tili shirin, erkalab bag‘rimga bosgim kelayapti-yu, ammo eshitmagan kishi bo‘lib, teskari qarab turaverdim.
- Ey, qaysi qo‘limda deyapman senga, - deya jajji qo‘lchalarini yuzimga yaqin olib keldi.
Yana qaramayman. Sakkiz yoshli opasi qo‘lini tutib:
- Dada-dada, qaysi qo‘limda, toping-chi? - deydi.
- Mana bu qo‘lingda, - deya unga darrov javob beraman va sochini silab, peshonasidan o‘pib, uni erkalayman. - Asal qizim, o‘zimning qizim.
O‘g‘limni ham erkalayman, “o‘zimning o‘g‘lim”, deb maqtayman. Kichkina qizimga atay qaramayman. Qani, nima qilarkan?
- Ey, qaysi qo‘limda, qara, ey? 
Akasiga va opasiga javob berayapman-u, unga qaramayapman. Yonimga yaqinroq kelib, mushtchalarini sal qolsa, ko‘zimga tegadigan qilib tutib, balandroq gapiradi:
- Ey! Ey, dada, qaysi qo‘limda? Ey, dada?! 
Shartta burilib, ikki qo‘lini baravar ushladim.
- Mana shu qo‘lingda!
U mening nihoyat, unga ham e’tibor qilganimdan xursand bo‘lib, qiyqirib kula boshladi. Mahkam quchib dedim: 
- Mening kichkina malikam, dadajon, de! Dadajon deb ayt!
Jajji qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan quchib:
- Dadajon, - dedi.
- Dadajon, sizni yaxshi ko‘raman, deb ayt!
- Dadajon, seni yaxshi ko‘raman.
- E, o‘xshamadi-ku, qizim? - dedim yolg‘on araz bilan. - Sizni yaxshi ko‘raman, deb ayt!
- Dadajon, sizni yaxshi ko‘raman.
- Meni sog‘indingmi?
- Ha, sog‘indim.
- Qaysi ko‘zlaring bilan?
Barmoqchalari bilan avval o‘ng, keyin chap ko‘zlarini ko‘rsatdi:
- Mana shunisi bilan, keyin bunisi bilan.
Avval unisidan, keyin bunisidan o‘paman. Keyin yuzlaridan, keyin sochlaridan...
Ana shunday qilib, kichkina malikam bilan kelishib oldik. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, menga shunaqa o‘rgandi-ki, mendan bir qadam ham ayrilmaydigan, meni akasi va opalaridan qizg‘onadigan bo‘ldi. Men ham uning bu “sadoqati”ni erkalashlarim bilan taqdirlayman:
- O‘zimning kichkina malikam...
Opalari “Biz kichkina malikamiz”, deyishsa, ular bilan urushib ketishiga oz qoladi:
- Yo‘q, menman malika! Dadajonim meni malikam deyapti!
Biror joyga ketib, kech qolsam, uxlamasdan kutib o‘tiradigan bo‘ldi. Tushlikda yoki kechki ovqat vaqtida uyda bo‘lmasam, ayasi yoki katta opasi bilan tortishib, dadamga deya alohida bir kosada ovqat oldirib qo‘yadigan bo‘ldi. Menga shunchalik kuchli mehr qo‘ydi-ki, na akasi, na opalari menga bunchalar erkalik qilishmagandi. 
- Hozir mening kichkina malikam raqsga tushib beradi!
Shunday deyman-u, telefonimning tasvirga olish tugmasini bosaman. Akasi televizorning musiqiy kanaliga qo‘yadi, qo‘shiq yangrayotgan bo‘ladi. Ammo mening jajji malikamga televizordagi eng zo‘r xit qo‘shiqlar ham yoqmaydi. Har qanday mashhur hofizning ovozidan ham unga dadajonining do‘rillagan ovozi yaxshi. Televizorni o‘chiradi:
- O‘zingiz aytsangiz o‘ynayman!
Hech qanday musiqasiz, qarsak chalib, o‘zim bilgan yagona ashulamni boshlayman:
- Lalay-lalaychi keldi, ko‘chaga moychi keldi, 
Ko‘chaga moyni tashlab, sanamga sovchi keldi...
Ana shunda ko‘ring, haqiqiy raqs qanaqa bo‘lishini! Bizning kichkina malika berilib raqsga tushadi, dadamga yoqsin, deb bor hunarini ishga soladi. 
Mening esa ko‘nglimdan boshqa gaplar o‘tadi. Qani endi iloji bo‘lsa-yu, doim farzandlarimiz yonida bo‘lsak. Tumanda topilmasa, viloyat markazida bo‘lsa ham yaxshiroq, muqim ishlaydigan ish bo‘lsa-yu, kechqurunlari malikamni raqsga tushirib, farzandlarimiz bilan har kuni birga bo‘lsak. Afsuski, imkoniyatlarimiz xohishimizga mos emas. 
- Ostonaga yetar bo‘ying, sanamjon, 
Bir kun bo‘lar sening to‘ying, sanamjon...
Kichkina malikam charx urib, raqsga tushadi. Men esa, ertaga ketishim kerakligini, kichkina malikamni qanday qilib tashlab ketishimni o‘ylayman. Kuni bo‘yi ortimdan ergashadigan, hatto kechalari bo‘ynimdan mahkam quchoqlab yotadigan qizcham mensiz nima qilishini o‘ylayman.
Nachora, ro‘zg‘or,tirikchilik. Sheriklar Toshkentdan ish topishibdi. Kichkina malikam bilan xayrlashish oson bo‘lmasligini bilganim uchun u uyg‘onmasidan jo‘nab ketdim. 
Kutganimdek bo‘ldi. Meni yo‘qotib qo‘ygan qizim ayasini ham, akasi va opalarini ham qiynab yuboribdi. Nuqul meni so‘rab yig‘lar emish. Ovqat mahallari bir kosa ovqatni oldirib qo‘yib, o‘zi ham yemay, “Dadajonim kelsa, birga yeymiz”, deb o‘tirarmish. 
Yaxshiyam endigi telefonlarning imkoniyati katta. Uydagilar bilan ko‘rishib gaplashadigan bo‘ldim.
- Malikamni chaqiringlar! – dedim telefonda ayasi ko‘rinishi bilan. – Qani mening kichkina malikam?
Telefonda meni ko‘rgan qizim yig‘lab yubordi.
- Dadajon, qayerdasiz? Qachon kelasiz?
- Nima bo‘ldi, kichkina malikam, meni sog‘indingmi?
- Judayam-judayam sog‘indim, – hiqqilladi qizim.
- Qaysi ko‘zing bilan?
- Bunisi bilan ham, bunisi bilan ham, – dedi yoshli ko‘zlarini ko‘rsatib.
Chiday olmadim. Tong saharda turib, Samarqandga jo‘nadim.
Kichkina malikamning xursandchiligini ko‘rsangiz edi. O‘zi nimani yaxshi ko‘rsa, menga ilinadi. Hatto latta-puttadan o‘zi yasab olgan qo‘g‘irchog‘ini ham menga beradi:
– Opalarimga berib qo‘ymang yana, xo‘pmi? Bu ikkimizniki.
Toshkentda ishlagan vaqtimda har hafta uyga borib turdim. Yangi yil bayramini ham birga o‘tkazdik. Ammo to‘rt kun o‘tib, yana musofirchilik to‘rvasini yelkamga ildim, Moskvaga uchdim...
Uydagilar bilan har kuni kechqurun “imo”lashib turamiz. Har holda ko‘rishganday bo‘lamiz-da. Kichkina malikam meni telefonda ko‘rganidan bir kunlik voqealarning hisobini bera boshlaydi:
- Gulilarning pishagi tug‘di. To‘rtta. Uchtasi ola, bittasi qora. Qorasini senga beraman, dedi.
- Opam ikkimizning qo‘g‘irchog‘imizni yashirib qo‘ydi. Dada-dada deb yig‘lashni bas qilsang, beraman, deydi. Ayting, bersin, mana, yig‘lamayapman-ku?
- Qani, opangga ber-chi, – deyman boshqalar bilan ham gaplashishga bahona topilganidan xursand bo‘lib. 
Baribir telefonni opalarinidan tortib oladi:
- Dada, sizga o‘ynab beraman, – deydi raqsga shaylanib. - Qo‘shiq ayting!
- Obbo, – deyman-u, baribir qo‘shig‘imni boshlayman:
- Lalay-lalaychi keldi, ko‘chaga moychi keldi, 
Ko‘chaga moyni tashlab, sanamga sovchi keldi...
Navro‘z arafasida qo‘shnilar sumalak qilishibdi. Mening jajji malikam “Dadam kelsa, yeydi”, deb oldirib qo‘ygan bir kosa sumalak, tura-tura achib ketgach, undan yashirib, zo‘rg‘a tashlab yuborishibdi. “Dadamning sumalagi qani?” deb bir hafta janjal qilibdi. 
Haligacha uyda biror tansiq taom qilishsa, menga deb olib qo‘yar ekan.
Hovlimizdagi chilgi uzum pishibdi.
- Dada, uzumimiz pishdi! – deyishdi akasi va opalari suyunchilab.
- Zo‘r-ku? Qani, kichkina malikamga beringlar-chi? – dedim.
Uni chaqirishadi. U bo‘lsa, bitta chinniga solingan ikki bosh chilgini ko‘tarib kelib, menga ko‘rsatadi:
- Dada, dadajon! Sizga uzum olib qo‘ydim, – deydi entikib. - Men hali yemadim. Kelsangiz, birga yeymiz. Mana bunisi menga, bunisi sizga.
Tomog‘imga bir nima tiqiladi. Ko‘zlarim yoshlanadi. Bir nima deya olmayman. Qizim hayron bo‘ladi:
- Dadajon, sizga nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsiz? Sizni kim urishdi?
Men ko‘nglimdan o‘tganlarini aytaman:
- Qizim, jonim, o‘zimning kichkina malikam! Meni yana kim senchalik sevar ekan?
- Azizim, yana kim meni senchalik sog‘inib kutar ekan bu dunyoda?
- Qayerdan olding buncha mehrni?
- Mushtdek jussangga qanday sig‘adi buncha sinoat?
Kichkina malikam – Muslimam bu so‘zlarimning bittasiga ham tushunmay, ko‘zlarini pirpiratib turaveradi. O‘zi bilganini aytadi:
- Dadajon! Men sizni sog‘inib ketdim. Mana bu ko‘zim bilan ham sog‘indim, bunisi bilan ham. Qachon kelasiz?