Kim haq: bankmi yoki fuqaro?
Telegram kanalimizda “Milliy bank” fuqarolarning plastikdagi pulini yechib olishi mumkinmi?» sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. “O‘zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati maqolada ko‘tarilgan muammo yuzasidan munosabat bildirdi.
Unda shunday deyiladi:
“O‘zmilliybank” AJ Samarqand filiali tomonidan Ernazarova Xurshida Ergashevnaga imtiyozli shartlarda ipoteka krediti ajratilgan.
Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 2 iyulda ro‘yxatdan o‘tkazilgan 3030-sonli “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomga asosan, bank krediti bo‘yicha qarzdorlikni undirishni kredit shartnomasida va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va asoslarda amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan.
Kredit shartnomasi shartlariga ko‘ra, qarz oluvchi kreditni har oyning 5-sanasidan kechiktirmay, oylik to‘lovlarni amalga oshirishi belgilangan.
Bundan tashqari, mijoz tomonidan imzolangan kredit shartnoma shartlariga ko‘ra, bank muddati o‘tgan qarz va foizlarni qarz oluvchining har qanday hisobvaraqlaridan yechib olishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Kredit to‘lovlari qarz oluvchi tomonidan o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli, bank tomonidan mablag‘lar avtomatik ravishda mijozning tegishli hisobraqamlaridan undirib olingan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, muddati o‘tgan kredit qarzdorligi qarz oluvchi bilan bank o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomaning tegishli bandlariga ko‘ra, amaldagi tartiblarga asosan, mijozning hisobraqamidan avtomatik ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechib olinganligini hamda kelgusida salbiy kredit tarixining oldini olish maqsadida qarzdorliklarni o‘z vaqtida to‘lab borish zarurligi to‘g‘risida eslatib o‘tamiz.
***
P/s: Ushbu munosabatdan ko‘rinib turibdiki, bank va kredit oluvchi bilan tuzilgan shartnomani “Milliy bank” mas’ullari yaxshi o‘qimagan, shekilli. Shartnomada qarz oluvchi kredit bo‘yicha navbatdagi oylik to‘lovni 20 (o‘ttiz) (shartnomada shunday yozilgan!) kalendar kunidan ortiq muddatga kechiktirganda foizlarni muddatidan oldin qaytarishni yozma ravishda talab qilish yo‘li bilan, ushbu shartnoma bo‘yicha majburiyatlar muddatidan oldin to‘liq bajarilishini talab qilish huquqiga egaligi aytilgan.
Xurshida Ernazarovaning plastik kartalaridan pullar 5 dekabr kuni soat 21:59 da yechib olingan. Munosabatda aytilganidek, oyning 5-sanasidan hali bir kun ham o‘tmasdan, shuningdek, yozma ogohlantirilmasdan qarz oluvchining plastik kartalaridan pullar olingan.
Shuning uchun ham munosabatda qarz oluvchi kreditni necha kunga kechiktirgani ko‘rsatilmagan. Haqiqatda kredit to‘lov kechikkanida aytilardi, ammo hali bir kun ham kechikishga ulgurmagan qarzdorlik uchun plastikdan fuqaroning roziligisiz pullar yechib olingan.
Bundan tashqari, shartnomaning 8.4.4. bandida: Ushbu shartnoma bo‘yicha to‘lov kechikkan hollarda amaldagi me’yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda Qarz oluvchining Kreditorda va boshqa banklarda yuritilayotgan hisobvaraqalaridan pul mablag‘larini chiqarib olish yo‘li bilan Qarz oluvchining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash ko‘rsatilgan.
Amaldagi me’yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda ish yuritiladigan bo‘lsa, fuqaro bankka yozma ravishda rozilik bildirganidan so‘ng, uning hisobvaraqlaridan pul mablag‘lari olinishi mumkin. Shunda ham shartnomada keltirilgan muddat o‘tgan bo‘lsa.
Yana bir gap. Bank tomonidan mablag‘lar avtomatik ravishda mijozning tegishli hisobraqamlaridan undirib olish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, nega avtomatik ravishda mijozni oldindan ogohlantirish yo‘lga qo‘yilmayapti? Aslida murojaatchi shuni nazarda tutgan, ammo bankning munosabatida bu haqda hech narsa deyilmagan.
Maqsad – fuqarolar murojaatini silliqqina yopish emas, o‘sha muammoni hal qilish yo‘llariga yechim izlash kerak. Xo‘sh, bundan keyin banklar kredit qarzdorlik uchun mijozlarni oldindan ogohlantiradimi? Bizda qachon fuqarolarga xizmat ko‘rsatish jahon standartlariga mos ravishda amalga oshiriladi?