Kim kimni tushunmayapti yoxud jurnalist Eski Jomboy masalasida qanchalik haq?

Bugun Mahalladosh.uz saytida “Mahalla mojarosiga kim yechim topadi?” sarlavhali maqola chop etildi. Unda Jomboy tumanidagi Eski Jomboy MFY xodimlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgani hamda “Obod qishloq” dasturi ijrosi bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani haqida so‘z yuritilgan.

Avvalo, xodimlar ziddiyatiga to‘xtalsak.

Baxtigul Abdurahmonova haqiqatan ham ushbu mahallada kotiba vazifasida ishlaydi. Uning xizmat vakolatini suiiste’mol qilayotganidan fuqarolar shikoyat qilgani rost. Ammo tuman moliya bo‘limi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan holat o‘rganilgan, uning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari topilmagan. Jismoniy shaxsning murojaati yuzasidan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik fakti bo‘yicha jarima jazosi qo‘llanilgan.

Maqolada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish tuman kengashi raisi I.Asrorov tilidan B.Abdurahmonova ishdan bo‘shatilgani aytiladi. Kotiba esa ishdan bo‘shamagani, aksincha, mehnat ta’tilida ekani, tez orada ishga qaytishini ta’kidlaydi. Jurnalist ushbu tushunmovchilik borasida “...kimning gapiga ishonishni ham bilmay qoldik”, deya xulosa qilgan.

Aslida ham B.Abdurahmonova ishdan bo‘shatilmagan ekan. Xo‘sh, unda nega kengash raisi bunday dedi?

– Kotiba ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozib keldi, – deydi I.Asrorov. ¬– Tegishli tartibda ustxat (rezolyusiya) qo‘ydim. Muxbirga bunday ma’lumot berganimning sababi shu. Ammo oradan ikki kun o‘tib, B.Abdurahmonova ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini qaytarib oldi. Mehnat kodeksining 99-moddasi, 3-qismiga muvofiq, xodim bergan arizani 14 kun muddat ichida qaytarib olishga haqli.

Jurnalist surishtiruvi davomida “Obod qishloq” dasturining bajarilishi ham tahlil qilingan. Ammo ayrim raqamlarda yanglishilgan ko‘rinadi. Masalan, “...118 ta simyog‘ochdan bor-yo‘g‘i, 38 tasi almashtirildi. 3 ta transformatordan esa hozirgacha bittasi qo‘yilgan, xolos”, deyiladi. Vaholanki, dasturda 37 ta temir-beton ustun o‘rnatish, 2 ta transformatorni mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

– Bugungi kungacha 48 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 4 ta transformator mukammal ta’mirlandi, – deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Sh.Hotamov. – Ya’ni, reja ortig‘i bilan bajarilgan. Bundan tashqari, yana 15 ta temir-beton ustunga ehtiyoj borligi inobatga olinib, yuqori tashkilotlarga taklif tayyorlanmoqda.

Ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va ta’mirlash masalasida ham xuddi shunday fikrni bildirish mumkin. Maqolada “Yig‘in faollari tadbirkor Mamayusuf Shodmonovning savdo markazi va xizmat ko‘rsatish majmuasining bir chetidagi xonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda”, deyiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tadbirkor ushbu majmuani avvaldan mahalla markazi uchun bunyod etgan. Binoning 4 ta xonasi MFY uchun beg‘araz ajratilgan. Go‘zallik saloni, maishiy va xo‘jalik mollari do‘koni hamda etikdo‘zlik ustaxonasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Mahalla markazi sifatida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qayd etish joizki, mahalla raisi B.Azizov tadbirkor M.Shodmonov bilan bir binoda ishlashni istamay, o‘z tashabbusiga ko‘ra, markazning orqa tomonidan mahalla uchun boshqa bino qurishga kirishdi.

28-umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish uchun “Obod qishloq” dasturi asosida 1 milliard 400 million so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan binoning tom qismi yangilangan. Eshik va romlar zamonaviysiga almashtirilgan. Mavjud 12 ta sinf xonasida pardozlash ishlari olib borilib, pol qismi bo‘yoqdan chiqarilgan. Maktab uchun xojatxona va asfalt qoplamali yo‘l bunyod etilgan.

Shuningdek, piyodalar yo‘lagining sifatsiz qurilgani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Maqolani o‘rganish mobaynida yo‘l va yo‘laklar ko‘zdan kechirildi. Tungi yoritkich, tosh va asfalt yo‘llar rejaga ko‘ra, qoniqarli bajarilgani aniqlandi. Simyog‘och xususida yuqorida to‘xtaldik. Bu boradagi ishlar to‘xtab qolgani yo‘q.

Tumandagi ayrim ko‘chalarga nom berish va qishloq xonadonlarini raqamlashda muammo yuzaga kelayotgani rost. Bu nafaqat bir mahalla, tuman, balki respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilayotgani sir emas. Kelgusida ushbu masala ham ijobiy yechim topadi.

Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.