Kimlar vaksina olmasligi mumkinligiga aniqlik kiritildi
Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida 18 va undan yuqori yoshdagi aholini SOVID-19ga qarshi emlash tartiblariga ko‘ra, emlashga qarshi vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlar davolash-profilaktika muassasalari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.
Komissiya tomonidan taqdim qilinadigan tibbiy cheklov to‘g‘risida ma’lumotnomada quyidagilar aks etadi:
❗️Vaqtinchalik qarshi ko‘rsatmalar:
📌Koronavirus kasalligining o‘tkir shakli bo‘lgan bemorlar;
📌laboratoriyada SOVID-19 musbat natija bergan, biroq klinik belgilar bo‘lmagan shaxslar;
📌koronavirus kasalligi bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar karantin muddati tugaganidan keyin emlanadi.
❗️Emlashga uzoq muddatli va doimiy moneliklar:
📌anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari (anafilaktik shok) bo‘lgan shaxslar (tasdiqlovchi tibbiy hujjat bo‘lganda);
📌homilador va emizikli ayollar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi to‘g‘risida ma’lumot yetarli emasligi sababli);
📌18 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
📌anamnezida tug‘ma yoki orttirilgan immunotanqislik holati, OIV infeksiyasi bo‘lgan bemorlar;
📌vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslar.
SOVID-19 vaksinatsiyasiga qarshi ko‘rsatmalar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oilaviy shifokori tomonidan aniqlanadi va cheklov to‘g‘risida xulosa berish maqsadida maxsus komissiyaga yuboriladi. Vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlar faqat davolash-profilaktika muassasalari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.
Koronavirus infeksiyasining o‘tkir shakli simptomlari bo‘lgan bemorlar, shuningdek, laboratoriyada SOVID-19ga musbat natija bergan, biroq klinik belgilari kuzatilmayotgan (simptomsiz) shaxslar va koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, karantin muddati tugaganidan so‘ng emlanadi.
JSSTning tavsiyalariga asoslangan xolda SOVID-19 kasalligidan sog‘aygan va reabilitatsiya davrini o‘tkazgan shaxs shifokor ruxsati bilan 3-6 oydan so‘ng emlanishi mumkin.