Kimyogarlar shaharchasidagi bog‘cha va novvoyxona tabiiy gazdan noqononuniy foydalanganligi aniqlandi
Viloyat prokuraturasi Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasida joylashgan 2 ta ob’yekt noqonuniy tarzda tabiiy gazdan foydalanayotganligi haqidagi xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb qilingan holda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Kimyogarlar shaharchasida joylashgan 115-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi va shu hududda joylashgan novvoyxona tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotganligi to‘g‘risidagi xabar joyiga chiqilgan holda o‘rganildi.
O‘rganishda tabiiy gaz bosimi past bo‘lganligi sababli bosimni ko‘tarish va bino xonalarini isitish maqsadida Nurli kelajak mahallasi hududida joylashgan 115-sonli MTMga kiruvchi tabiiy gaz quvuridagi gaz hisoblagich muhrlari buzilmagan holda o‘zboshimchalik bilan sun’iy gazso‘rg‘ich (nasos) o‘rnatilib, tabiiy gazdan foydalanayotganligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, gazso‘rgich asbobi tarmoqdan uzildi.
Shuningdek, Samarqand shahar Shukrona mahallasida joylashgan O.Orziyevga tegishli bo‘lgan novvoyxona tabiiy gaz tarmog‘iga qonuniy ulanganligi hamda 2020 yil 20 oktyabrdan buyon gaz bosimi past bo‘lganligi sababli faoliyat ko‘rsatmasdan kelayotganligi aniqlandi.