Kimyoviy vositalar o‘rniga an’anaviy zararkunanda tutqichlari: qariyb 20 ming gektardagi daraxtlarga tutqich belbog‘lar bog‘langan
Samarqand viloyatida 2 731 ta tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli bo‘lgan 23 853 gektar bog‘ maydoni mavjud. O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xabariga ko‘ra, mevali bog‘ maydonlariga 19 914 gektariga tutqich belbog‘lar bog‘langan. 13 725 gektar maydonda agrotexnik tadbirlar olib borilgan.
“Bugungi kunda o‘simliklarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda oson va tezkor usul sifatida kimyoviy usulni qo‘llab qo‘ya qolamiz. Ammo bu usulni ekologik va iqtisodiy nuqtai nazardan afzal deb bo‘lmaydi.
Bungacha ajdodlarimiz o‘simliklar zararkunandalariga qarshi kurashishda orttirgan tajriba va imkoniyatdan kelib chiqqan holda mahalliy xom-ashyodan keng foydalanganlar. Masalan, daraxtning pastki qismini ohak eritmasi bilan oqlash evaziga yaxshi natijaga erishishgan. Sababi, daraxt po‘stlog‘i ostidagi zararkunandalarning tuxumi ohak tarkibidagi ishqor ta’sirida nobud bo‘ladi. Hozirgi kunda “Tutqich belbog‘lar” dan foydalanib ham zararkunandalarga qarshi kurashishda yaxshi samara olinmoqda.
Daraxtlarga tutqich belbog‘lar bog‘lab yig‘ilgan qurtlar yo‘q qilinsa, ximikatlarni kamroq ishlatish imkoni tug‘iladi. Belbog‘lar haftada bir marotaba yechilib, to‘plangan qurtlar yo‘q qilingandan so‘ng yana bog‘lab qo‘yiladi. Belbog‘lardan avgust oyigacha foydalanish mumkin”, deyiladi boshqarma xabarida.
Ta’kidlanishicha, boshqarma mutaxassi slari tomonidan joylarda belbog‘li tutqichlarni qo‘llash va boshqa an’anaviy usullardan foydalanish masalasida fermerlar ishtirokida seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.