Kitob — ma’naviy xazina
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 5-umumta’lim maktabida “jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasi asosida kitobxonlik madaniyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Unda kitobning inson hayotidagi o‘rni, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr almashildi.
– Kitob shunday bir xazinaki, uni qancha ko‘p sarflasang, shuncha ko‘p boyib borasan. U inson qalbining chirog‘i, aqlning ozuqasi, ruhning tarbiyachisidir, – dedi maktab direktori Nilufar Islomova. – Kitob o‘qigan inson hayot sinovlarida adashmaydi, to‘g‘ri yo‘lni topa oladi. Asar qahramonlarining qismati orqali sabr, matonat, jasorat kabi fazilatlarni anglaydi.
Yaxshi kitoblar insonni nafaqat bilimli, balki mehr-oqibatli ham qiladi. Boshqalarning dardini his etish, insoniylikni qadrlash kabi tuyg‘ular aynan mutolaa orqali shakllanadi. Shu bois kitobxonlik madaniyati yuksak bo‘lgan jamiyatda ma’naviyat ham yuksak, kelajak esa albatta porloq bo‘ladi.
Muloqotda maktab jamoasining “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida birinchi o‘rinni egallashida kitobsevar o‘quvchilarning intilishi va bilimdonligi muhim omil bo‘lgani ta’kidlandi. Buning uchun o‘qituvchilar va o‘quvchilarga minnatdorlik bildirildi.
Aziza Boymuradova,
xalq ta’limi a’lochisi.