Kitob taqdimoti: "Oltin sabr", "Men gazetadanman..."
Jomboy tumanidagi 46-umumta’lim maktabida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va publitsist Sabohat Norbo‘tayevaning “Oltin sabr” va “Men gazetadanman...” kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
- S.Norbo‘tayeva asli Jomboydan, ilk mehnat va ijod faoliyatini tumanda chop etiladigan “Shonli mehnat” (hozirgi “Jomboy tongi”) gazetasida boshlagan, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Hafiza O‘sarova. - Keyinchalik “Sirdaryo haqiqati”, “Soliq va bojxona xabarlari”, “Adolat ko‘zgusi” gazeta tahririyatlarida ishlagan. Uning “Oltin sabr” kitobidan o‘rin olgan hikoyalarda oilada uchrab turadigan yaxshi va keskin munosabatlar, og‘ir sinovlar va ularni yengishda sabr va matonat ko‘rsatish mohirona talqin qilingan. “Men gazetadanman...” kitobida esa uning muxbirlik va gazeta bilan bog‘liq ajoyib xotiralari, turli yillarda bosilgan publitsistik maqolalari joy olgan.
Taqdimotda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi a’zolari, 46-maktabni bundan salkam yarim asr avval bitirgan sobiq o‘quvchilar hamda yosh kitobxonlar ishtirok etib, ushbu kitoblarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, bo‘lg‘usi jurnalistlar uchun dasturil-amal bo‘lishi haqida so‘z yuritdi.