Kitobni sev, unga do‘st tutin
Biz oilamiz bilan kitoblarni yaxshi ko‘ramiz va sevib mutolaa qilamiz. Dadam va onamning uyimizga tez-tez yangi kitoblar olib kelishi men va akamni kitoblarga mehr berishimizga turtki bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Kitoblar biz uchun ulkan bir xazina, bilimlar kaliti desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bilim olishim, kitoblarga do‘st tutinishim meni o‘zga bir dunyoga yetaklaydi. Bugun zamon notinch, yoshu qari imtihondamiz. Bir gramm virusning biz bolalarga ko‘rsatayotgan ta’siri, bizdan erkinligimizni, bolalik dunyomizni olib qo‘yayotgandek go‘yo. Jonajon maktabimni, sho‘x-shodon sinfdoshlarimni va qadrdon ustozimni juda sog‘inaman.
Yaqinda Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib» sarguzashtlar kitobini o‘qib tugatdim. Menga kitobning asosiy g‘oyasi bo‘lgan Hoshimjonning boshidan kechirgan sarguzashtlari juda yoqdi. Men o‘qib tugatgan 62 ta kitoblarim ichida eng katta sarguzashtlarga boy ushbu kitobdan katta taassurot oldim.
Hozirda to‘plovchi muallifi Ahror Ahmedovning ikki tomlik “Sharq hikoyat va rivoyatlari” kitobini o‘qishni boshladim. Bu kitobda men izlagan butun dunyo xazinasi joy olganiga ishonaman.
Asadbek Abdullayev, Paxtachi tumani 19-umumiy o‘rta
talim maktabi o‘quvchisi.