Kitobxonlarga samarqandlik ijodkorlarning sara asarlari taqdim etildi

Samarqand viloyat A.Pushkin nomidagi axborot-kutubxona markazida viloyat hokimligi ko‘magida bosilgan “Samarqand mushoirasi” hamda “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi” turkumi ostida chop etilgan “Zarafshon”ning Behbudiysi”, “Shoir yuragi”, “Yurak gavhari” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan adabiy uchrashuvda ushbu kitoblarning ahamiyati, muallif va shoirlarning Vatanga, yurtga, so‘zga, adabiyotga, she’riyatga, yaqinlariga, do‘st-birodarlariga bo‘lgan muhabbati, sog‘inchini ifodalgani va inson hayotida ilm-ma’rifatning tutgan o‘rni haqida gapirdi.

Jumladan, “Zarafshon”ning Behbudiysi” kitobida buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘zi tomonidan ta’sis etilgan “Zarafshon” gazetasida chop etilgan maqolalar o‘rin olgan bo‘lsa, “Shoir yuragi” she’rlar, tarjimalar va xotiralar kitobida o‘tgan asrning 70-yillarida Samarqand adabiy muhiti peshqadamlaridan bo‘lgan shoir va jurnalist Sur’at Oripovning she’r, g‘azal va tarjimalari joy olgan.

 “Yurak gavhari” kitobida samarqandlik qalamkash – matbuotda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan fidoyi jurnalist, serqirra ijodkor Erkin Azamatovning o‘ziga xos ijod yo‘l aks etgan. “Samarqand mushoirasi” kitobida esa samarqandlik bir guruh yoshlarning bayozi chop etilgan. Har bir kitob o‘ziga xos va o‘z o‘quvchisiga ega.

Uchrashuvda kitob mualliflarining farzandlari, shuningdek, ijodkorlar ishtirok etdi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).