Kitobxonlik ko‘rik-tanlovlarini kattalar o‘rtasida ham o‘tkazish kerak
O‘qituvchiman. “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi ilk marta o‘tkazilganida qatnashish uchun bir emas, o‘nlab o‘quvchilarim kitobdan bosh ko‘tarmay qolgandi. Shu tashabbus juda ko‘p yoshlarda kitobga mehrni qayta uyg‘otdi. To‘g‘ri, biz ustozlar o‘quvchilarimizga kitobni targ‘ib qilamiz, ammo ko‘rik-tanlovlar barchada har doim qiziqish uyg‘otadi.
Ammo fikrimcha, kattalar o‘rtasida ham bunday ko‘rik-tanlovlar kerak. Chunki kitob mutolaasi targ‘iboti faqat yoshlar uchun emas. Har qanday soha vakilining kitob o‘qigani va o‘qimagani o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ustachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan, bo‘sh vaqtida yuzlab kitoblarni o‘qib chiqqanlarni ham bilaman. To‘g‘ri, har zamonda bank xodimlari, IIB xodimlari o‘rtasida kitobxonlik tadbirlari haqida eshitib qolaman. Ammo bu tor doirada bo‘lib, o‘sha tashkilotlar tashabbusi bilan o‘tkaziladi, xolos.
Nazarimda, barcha uchun kitobxonlik ko‘rik-tanlovlari tashkil etilsa yoki bunday tanlovlar bor bo‘lsa, kengaytirilsa, ajoyib tashabbus bo‘lardi.
Dilfuza Saidova.